Ushshoq
Ushshoq (Arabcha — oshiq so’zining ko’pligi) — o’n ikki maqom tizimida birinchi maqom. Lirik kuy va ashulalardan iborat bo’lgani uchun Ushshoq deb nom olgan. Qadimgi risolalarda Ushshoq Umm uladvor (maqom davrlari onasi) va Tarona deb ham atalgan. Ushshoq O’n ikki maqomda lad sifatida ham ma’lum bo’lib, uning tovushqatori hozirgi miksolidiy ladiga mos keladi. O’n ikki maqom tizimidagi 24 murakkabotdan biri — Ushshoqi Moya Ushshoq maqomi va Moya ovozasi pardalari asosida yaratilgan. O’zbek, tojik musiqa merosida Ushshoq mustaqil maqom sifatida yetib kelmagan. Shashmaqomning rost maqomi tarkibida bir necha sho’ba va qismlar mavjud bo’lib, ular Muhammasi Ushshoq (cholg’u qism), Talqini Ushshoq, Nasri Ushshoq, Ufari Ushshoq, Savti Ushshoq (6 qismli) deb nomlangan. Ushshoq ashula yo’llari ancha murakkab, avjlarida namudi Uzzol va Namudi Muhayyari Chorgohdan foydalanilgan. Ushshoq ashula yo’llari xalq orasida keng tarqalgan. O’zbek va tojik bastakorlari Ushshoqning turli variantlarini yaratgan: Hoji Abdulazizning «Samarqand Ushshog’i», Sodirxon Bobo- Sharifovning «Sodirxon ushshog’i», shuningdek, «Qo’qon ushshog’i», «Toshkent Ushshog’i» va hokazolar. Bu Ushshoq yo’llari bir xil doyra usulida ijro etiladi. Ushshoqning patnusaki varianti va surnay yo’llari ham keng tarqalgan. Ushshoq yo’llari jozibali va ta’sirchan. Ularning boshlanish jumlalari boshqa maqom va sho’balarda namud sifatida ham qo’llanilib, Namudi Ushshoq deb ataladi. Ushshoqdan, asosan, Buzruk va Rost maqomi sho’balarida, yirik shakldagi og’zaki professional musiqa asarlarida, shuningdek, bastakor va kompozitorlar ijodida (jumladan, R. Glier va T. Sodiqovning «Layli va Majnun», «Gulsara» operalarida, V. Uspenskiy va keyinchalik Yu. Rajabiyning «Farhod va Shirin» operasi va musiqali dramalarida, M. Ashrafiyning «Dilorom» operasida va boshqa ko’pgina asarlarida) ham foydalanilgan.