ANTIL OROLLARI

ANTIL OROLLARI — Vestindiyadagi arxipelag. Katta Antil orollari (Kuba, Gaiti, Yamayka, Puerto-Riko) va kichik Antil orollari (Virginiya, shamolli va shamolsiz orollar, Trinidad, Tobago va Barbados) ga bo’linadi. Maydoni qariyb 220 ming km2. Aholisi 30 million kishi. Antil orollari yer yuzasining yarmidan kupi tog’lik. Eng baland joyi 3175 metr. Katta Antil orollaridagi tog’lar Markaziy Amerikadagi Kordilera tog’larining tarmoqlaridir. Bu tog’lar Kuba orolidagi ohaktosh platosida tutashadi. Kichik Antil orollarida so’nmagan Grand-Sufrier, Montan-Pele, Sufriyer vulkanlari bor. Kubadagi tekisliklardan tashqari hamma yerda zilzila bo’lib turadi. Iqlimi tropik, issiq, passat iqlimi. Nam ko’p, tez-tez dovul bo’lib turadi. Ko’p yerlarni savanna va barg tashlaydigan tropik o’rmonlar qoplagan. Shamolga ro’para yon bag’irlar esa doim yashil tropik o’rmonlar bilan qoplangan. Antil orollarida Antigua va Barbuda, Barbados, Gaiti, Grenada, Dominika, Dominikana Respublikasi, Kuba, Sent-Vinsent va Grenadini, Sent-Lyusiya, Sent-Kits va Nevis, Trinidad va Tobago, Yamayka davlatlari joylashgan, shuningdek AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Niderlandiyaga karashli mulklar, Venesuela hududining bir qismi bor. 1493 yil X. Kolumb Sen-Marten orolini kashf etgan. Kyurasao va Aruba orollarini 1499 yilda ispanlar ochgan. 17-asr boshida gollandiyaliklar Aruba orolini, 1634 yilda esa Kyurasao orolini egallaganlar.