Urugvay (Uruguay), Urugvay Sharq Respublikasi

Urugvay (Uruguay), Urugvay Sharq Respublikasi (Republica Orientar del Uruguay) — Janubiy Amerikaning Janubiy Sharqiy qismida joylashgan davlat. Maydoni 176,2 ming km2. Aholisi 3 million 387 ming kishi (2002). Poytaxti — Montevideo shahri. Ma’muriy jihatdan 19 departamentga bo’linadi. Davlat tuzumi. Urugvay — respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1967 yil kuchga kirgan va 1997 yil tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshlig’i — prezident, u to’g’ri umumiy ovoz berish yo’li bilan 5 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni vakillar palatasi va Senatdan iborat bo’lgan Kongress (yoki Bosh Assambleya), ijrochi hokimiyatni president amalga oshiradi. Prezident Vazirlar kengashini tayinlaydi. Tabiati. Mamlakat Janubiy va Janubi sharqda Atlantika okeani bilan o’ralgan. Urugvay qirg’oqlari kam parchalangan, past, Laguna tipli. Yer yuzasi, asosan, sertepa tekislik. Mamlakat chekka Sharqining aksariyati (Atlantika okeani sohili) botqoqlashgan pasttekislik. Urugvayning eng baland nuqtasi — chekka Janubdagi Pandeasukar tog’i (501 metr). Foydali qazilmalardan temir, marganes, oltin, kumush, qo’rg’oshin, mis, talk, qimmatbaho tosh, granit, marmar, qo’ng’ir kumir bor. Iqlimi subtropik, nam iqlim. O’rtacha temperatura iyulda 10°-12°, yanvarda 22°— 24°. Yiliga 1000-1200 mm yog’in yog’adi. Katta daryolari — Urugvay va Rionegro. Preriyalarning qizilqora tuproqlarida o’tli subtropik savanna, daryo bo’ylarida doim yashil o’rmon; Janubda butali savanna, sharkda palmazorlar bor. Hayvonlardan zirhlilar, nutriya, kalamush, Puma, Amerika tuyaqushi, tapir, bug’u, yovvoyi mushuk, tulki, chumolixo’r; parrandalardan oqqush, qarqara, turna, kolibri, sudralib yuruvchilardan shaqildoq ilon, qora ilon, alligator ko’p. Kabopolono, SantaTeresa va boshqa milliy bog’lar tashkil etilgan. Aholisi. Urugvayning aksariyat aholisi — urugvayliklar (kreollar, ispan kolonistlari va 19-asrda ko’chib kelgan italyanlarning avlodlari). 19-asrning 2-yarmida frantsuzlar, nemislar, slavyanlar ham ko’chib kela boshlagan. Rasmiy til — ispan tili. Dindorlarning aksariyati xristiankatolik. Shahar aholisi 88,7%. Yirik shaharlari — Montevideo, salto. Tarixi. Urugvay hududida qadimdan indeys qabilalari yashagan, ular dehqonchilik, ovchilik, baliq ovlash bilan shug’ullangan. 16-asrning boshlarida bu yerda ispan mustamlakachilari paydo bo’ldi. 1750 yil Ispaniya bu hududni butunlay egallab oldi va 1776 yil Sharqiy sohil (mustamlaka davrida Urugvay shunday deb nomlangan) Ispaniyaga qarashli Laplata vitseqirolligi tarkibiga kiritildi. Amerika qit’asidagi Ispaniya mustamlakachilarining mustaqillik uchun olib borgan urushi yillarida (1810-26) Sharqiy sohil aholisi 1815 yil mustaqillik e’lon qildi. 1816 yil Portugaliya qo’shinlari Sharqiy sohilga bostirib kirib, 1817 yil uni batamom egallab oldi. 1821 yil Sharqiy sohil Braziliya tarkibiga qo’shib olindi. 1825 yil Urugvay vatanparvarlari X.A. Lavalexi rahbarligida kurash boshladilar va Sharqiy sohil Portugaliya bilan Braziliyadan ozod qilinib, mustaqil deb e’lon qilindi (1825 yil 25 avgust), ammo tez orada Argentinaga qaram bo’lib qoldi. To’la mustaqillik uchun ozodlik kurashi avj oldi. 1828 yil Braziliya bilan Argentina o’rtasidagi sulh shartnomasida u. mustaqil davlatini tuzish nazarda tutildi. 1830 yil Urugvay Sharq Respublikasi deb e’lon qilindi. 19-asr oxirida Urugvay millati shakllanib bo’ldi. 1-jahon urushida Urugvay betaraflik e’lon qildi. 1933 yil o’ng kuchlar mamlakatda to’ntarish uyushtirib, diktatura rejimini o’rnatdi. 2-jahon urushi (1939-45) yillari Urugvay «o’q» pakti davlatlari (Germaniya, Yaponiya, Italiya) bilan aloqasini uzdi (1942). 1945 yil Germaniya bilan Yaponiyaga urush e’lon qildi. 1951 yil Konstitutsiyani isloh qilish yuzasidan o’tkazilgan plebissit natijasida davlat idora usuli o’zgardi: Milliy hukumat kengashi davlat boshlig’i vazifasini bajara boshladi. 1966 yil Konstitutsiya islohoti yakunida yana prezident lavozimi tiklandi. 1973 yil qurolli kuchlarning o’ng qanoti davlat to’ntarishi o’tkazib, parlamentni tarqatib yubordi, siyosiy partiya va kasaba uyushmalarining faoliyatini taqiqladi. 1976 yil iyuldan harbiylar A. Mendesni prezident lavozimiga tayinladilar. 1981 yil sentabrda hokimiyat tepasiga kelgan hukumat vazmin siyosat yuritdi. Urugvay — 1945 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1991 yil 26 dekabrda tan olgan. Milliy bayrami — 25 avgust — Mustaqillik e’lon qilingan kun (1825). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. «Kolorado» partiyasi, 19-asrda tuzilgan; Milliy partiya («Blanko»), 19-asrda tashkil etilgan; fuqarolik Ittifoqi, 1917 yil asos solingan; Urugvay sotsialistik partiyasi, 1910 yil tuzilgan; Xristian demokratik partiya, 1962 yil tashkil etilgan. Mehnatkashlarning kasaba uyushmalariaro plenumi, 1966 yil asos solingan. Xo’jaligi. Urugvay — industrialagrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoat ulushi 26%, qishloq xo’jaligi va baliqchilik ulushi 8%, xizmat ko’rsatish sohasi ulushi 66%. Sanoatida oz miqdorda grafit, granit, marmar, qurilish materiallari qazib olinadi. Ishlab chiqarish sanoatining yetakchi tarmoqlari — oziq-ovqat (go’sht, vino, konserva), to’qimachilik (asosan, jun gazlama) sanoati. Metallurgiya, avtomobil yig’uv, neftni qayta ishlash, kimyo, metallsozlik, elektrotexnika, tsement, rezina, kunpoyabzal sanoati korxonalari bor. Yog’och tayyorlanadi. Yiliga o’rtacha 7,8 milliard kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi (asosan, GESlarda). Qishloq xo’jaligining asosiy tarmog’i go’shtbop qoramol va jun olinadigan qo’ychilik. Qishloq xo’jaligiga yaroqli yerlarning ko’p qismi o’tloq va yaylovlardan iborat. Dehqonchilikda bug’doy, sholi, makkajo’xori, tariq, oq jo’xori, yem-xashak ekinlari, texnika ekinlaridan yer yong’oq, shakarqamish, kungaboqar, tsitrus mevalar, uzum yetishtiriladi. Baliq ovlanadi. Transporti. Yuklarning 3/4 qismi avtomobil transportida tashiladi. Avtomobil yo’llari uzunligi 51 ming kilometr, temir yo’l uzunligi 2,1 ming kilometr. Dengiz savdo flotining hajmi 172,5 ming tonna dedveyt. Asosiy dengiz porti — Montevideo. Urugvay chetga chorva mol, go’sht va go’sht mahsulotlari, baliq, jun, teri va kunchilik xom ashyosi, sabzavot, to’qimachilik mollari chiqaradi, chetdan mineral xom ashyo (jumladan, neft), kimyoviy mollar, qora metall, mashina va uskuna, transport vositalari oladi. Braziliya, Argentina, AQSh, XXR, Yaponiya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan savdo qiladi. Pul birligi — Urugvay pyesosi. Tibbiy xizmati. Aholiga, asosan, xususiy tibbiy muassasalar xizmat ko’rsatadi. Tibbiyot xodimlari Montevideodagi universitetning tibbiyot fakulteti va 2 ta tibbiyot bilim yurtida tayyorlanadi. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Barcha tipdagi o’quv yurtlarida ta’lim bepul. Boshlang’ich maktab — 6 yillik, o’rta maktab ham 6 yil (3+3). Boshlang’ich va kichik o’rta maktablarda o’qish — majburiy. Davlat maktablari bilan bir qatorda xususiy umumiy ta’lim o’quv yurtlari ham bor. O’rta maktabning 1-bosqichi negizida 3 yillik hunar-texnika va pedagogika bilim yurtlari ishlaydi. Urugvayda diniy seminariya Kuts. Oliy ta’lim, asosan, Montevideodagi Urugvay universitetida (1849 yilda tashkil etilgan) olinadi. Uning xuzurida konservatoriya, kutubxonachilik maktabi, ijtimoiy yordam maktabi, texnologiya va kimyo instituti, nafis san’at maktabi bor. Montevideodagi mehnat universiteti yuqori tipdagi maxsus o’quv yurti hisoblanadi. San’at va hunarmandchilik kolleji va boshqa o’quv yurtlari bor. Ilmiy va texnika tadqiqotlari milliy kengashi mamlakatdagi ilmiy tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Geografiya va tarix instituti (1843), Kimyo farmatsevtika uyushmasi (1888), Meteorologiya bosh boshqarmasi (1912), Qishloq xo’jaligi tadqiqotlari markazi (1914), astronomiya rasadxonasi (1928), biologiya instituti (1923), kimyo sanoati instituti (1935), Atom energiyasi milliy komissiyasi (1955), onkologiya instituti (1960), Milliy muhandislik akademiyasi (1963) bor. Yirik kutubxonalari: Montevideodagi Milliy kutubxona (1816), Kongress milliy kutubxonasi (1929), Markaziy pedagogika kutubxonasi (1888). Muhim muzeylari: Montevideodagi Milliy nafis san’at muzeyi (1811), Milliy tarix muzeyi (1900), Tabiat tarixi milliy muzeyi (1837), Pedagogika muzeyi (1888), Takuarembodagi indeyslar muzeyi, zoologiya muzeyi. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Asosiy gazeta va jurnallari: «Diario ofisel» («rasmiy kundalik gazeta», 1905 yildan), «manyana» («tong», kundalik gazeta, 1917 yildan), «ora popular» (kundalik gazeta 1989 yildan), «Aki» («shu yerda», siyosiy haftanoma, 1983 yildan), «Buskeda» («izlanish», ijtimoiy-siyosiy haftanoma, 1972 yildan), «Demokrasia» («Demokratiya», haftanoma, 1981 yildan), «Kronikas ekonomikas» («iqtisodiy yangiliklar», haftanoma, 1981 yildan), «Estudios» («tadqiqotlar», oylik jurnal, 1956 yildan). Milliy axborot agentligi yo’q. Milliy aloqa boshqarmasi — antel davlat Mahkamasi 1974 yil tuzilgan bo’lib, mamlakatdagi radioeshittirish va tele ko’rsatuvlarni nazorat qiladi. Teleko’rsatuvlar 1956 yildan ishlaydi. Adabiyoti ispan tilida. Dastlabki qo’lyozma yodgorliklari mustamlaka davrida yaratilgan. Peres Kastelyanoning «Memorial» asari (1779 yil yozilgan, 20-asr boshlarida nashr qilingan) maktub tarzidagi tarixiy Nasr namunasidir. X. Prego de Oliver, K. Vilyademoros she’riyati va X. P. Martinesning «beg’ubor sadoqat» pesasi (1808) badiiy adabiyotga asos soldi. Mustaqillik uchun kurash davrida Gaucholar (dasht aholisi)ning xalq og’zaki ijodiyoti negizida Gaucho adabiyoti vujudga keldi. Uning mashhur namoyandasi B. Idalgo (1788— 1822) she’rlari ispan mustamlakachilarini fosh etadi va ijtimoiy adolatsizlikni la’natlaydi. Yevropa klassisizmi an’analariga tayanuvchi «akademik adabiyot»ning she’riy namunalari «Sharqiy Parnas» antologiyasiga jamlangan. Shu adabiyotning atoqli vakili F. Akunya de Figeroa Urugvay milliy madhiyasining muallifidir. 19-asrning 30-40-yillaridan Urugvay adabiyotida romantizm oqimi hukmron bo’ldi. Zamonaviy Urugvay nasrining asoschisi E. Asevedo Dias (1851 — 1924) «Ismael», «Shuhrat nidosi» tarixiy romanlarida Gaucholarning ayanchli hayotini tasvirladi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida shoirlardan X. Alonsoitrelesa, F. Silva Valdes, Delmira agustini, Xuana de Ibarburu, adib X. E. Rodo, dramaturg F. Sanches, qissanavis O. Kiroga ijod qildilar. 30-yillar oxiri va, ayniqsa, 2-jahon urushidan keyin adabiyotda ijtimoiy illatlarni fosh qiluvchi asarlar ko’plab yaratildi. E. Amorim, A.D.Gravina, M. Benedettining shu ruxdagi romanlari nashr etildi. 70-80-yillarda falsafiy she’riyat rivoj topib, insonparvarlik va milliylik g’oyalarini tarannum etdi. Ayniqsa, X. Kunya, A. Berenger, M. Bianchi, X. Medina Vidal va boshqa shoirlarning asarlari ilg’or ijtimoiy jo’shqinligi bilan ajralib turadi. Me’morligi va tasviriy san’ati. Urugvayda charrua indeyslari san’atidan odam, hayvon va qushlar qiyofasi tasvirlangan tosh va sopol buyumlar bizgacha yetib kelgan. Mustamlaka davridagi me’morlik turli istehkomlar, cherkovlar, barokko va klassisizm uslubida barpo etilgan shahar binolaridan iborat (Montevideodagi munisipal nafis san’at muzeyi, 1804-08, me’mori T. Toribo). 19-asr o’rtalaridan shaharlar evropacha eklektizm ruxida, 20-asr boshlaridan modern uslubida kurila boshladi. 20-asr o’rtalarida Montevideo qayta qurildi, ko’pgina osmono’par binolar (shahar ratushasi, banklar, mehmonxonalar), kurortlar va savdo majmualari qad ko’tardi. 20-asrning 2-yarmida jamoa turar joylari va savdo-jamoat markazlari (bozor, do’kon, klub, restoran, pochta, poliklinika, maktab, bolalar bog’chasi, kutubxona) bo’lgan shaharchalar qurishga kirishildi. Urugvayning mashhur me’mori X. Vilamaxo binolarning tevarakatrofdagi tabiiy manzara bilan uyg’un bo’lishiga va ularni qurishda mahalliy materiallardan foydalanishga alohida e’tibor berdi. Urugvay BMTning Nyu-Yorkdagi bosh binosi qurilishida maslahatchi sifatida qatnashdi. Urugvay tasviriy san’atida 19-asrning 2-yarmida, asosan, ajnabiy rassomlar ijod qildilar. Urugvay milliy rangtasvir maktabining shakllanishida X.M. Montevideo shahri. Blanesning ijodi muhim o’rin oladi. Uning mo’yqalamiga mansub ko’pgina tarixiy kompozisiyalar, urush manzaralari, portretlar, Gaucho siymolari mamlakat tarixi va xalq hayotining yaxlit qiyofasini gavdalantiradi. Milliy haykaltaroshlik san’ati rivojlandi (J. Livi, D. Mora va boshqalar). 20-asrning 1-yarmida D. Ekket, keyinroq K. M. Errera va K. A. Kastelyanos kabi rassomlar yetishib chiqdi. Shaklning nozik jihatlarini idrok etuvchi haykaltarosh B. Michelena mehnat va madaniyat ahlining siymolarini gavdalantiruvchi asarlar yaratdi. 1927 yil «Teseo» guruhiga Birlashgan ko’pgina rassomlar ilg’or ijtimoiy g’oyalarni modernizm an’analari bilan bog’lab tasvirladilar. R. Peres Barradas, X. Kuneo Perinetti, P. Figari va boshqa rassomlar bir-biridan go’zal san’at asarlarini yaratdilar, X. Torres Garsia esa abstrakt san’atning faol targ’ibotchisi bo’ldi. 20-asr o’rtalaridan «Gravyura klubi» (L. Gonsales va boshqalar) san’atda xalq hayoti va tashvishlarini keng aks ettirish yo’lidan bordi. X.T. Garsia, I. Dyukas, K. Federiko Saes, P. Figari, R. Barrades, X. Koneo, V. Barkala, M. Espinola, 20-asrning 2-yarmidagi mashhur rassomlardir. 1970-80-yillarda K.Lara, X. Gamarra kabi rassomlar postmodernizm g’oyalarini mahalliy an’analar bilan yuksaltirishga harakat qildilar. Zamonaviy rassomlar orasida A. Ernandes, K. Paes Vilaro, G. Lasarini, L. Massey, E. Dias Epes, N. Berdiyalar bor. 1957 yil nafis san’atlar milliy maktabiga asos solindi. Musiqasi. Indeys musiqasining asosiy shakllari mehnat, urush va marosim qo’shiqlari hamda raqslaridan iborat bo’lgan. Cholg’u asboblari: yog’och baraban, hayvon shoxi va suyagidan yasalgan bug’, qamish nay (pinkilo), dengiz chig’anog’i, shaqildoq (maraka), ksilofon (Marimba) va boshqalar. Ispan folklori namunalari (vilyansiko va boshqalar) sayyor qo’shiqchilar — payadoralar ijodi orqali 16-asrdan tarqalgan. Milliy (kreol) qo’shiq janrlari — Triste, vidala, estilo, milonga; raqs turlari — gato, s’elito, perikon, kuando, ranchera. 18-asrdan Yevropa professional musiqa turlari, jumladan, diniy musiqa shakllaridan — xoral, organ ijrochiligi va boshqalar, dunyoviy musiqa janrlaridan musiqali teatr (tonadilya, melodrama) va raqs musiqa (menuet, gavot, vals va boshqalar) namunalari kirib keldi. 19-asrning 20-50-yillarida 6 ta filarmoniya jamiyati, 1910 yil Montevideoda konservatoriya, kamer musiqasi uyushmasi tuzildi. 20-asr boshidan milliy kompozitorlik maktabi tashkil topdi (L. Sambuseti, E. Fabini, A. Brokua). Zamonaviy musiqa arboblari: kompozitorlar E. Tosar, L. Birioti, R. Shtorm, K. Estrada, S. Serveti; dirijyor X. Protasi; pianinochilar U. Balso, N. Marino; gitarachi X. Oyanguren; xonanda V. Kastro. Musiqa ta’limi sohasida shahar musiqa maktablari tizimi mavjud. Montevideodagi Respublika universiteti huzurida Milliy konservatoriya ochilgan. Teatri. Dastlabki teatr tomoshalari Montevideoda 18-asr oxirlarida ko’rsatildi. 1793 yil bu yerda ochilgan komediya uyida vaqti-vaqti bilan B. Idalgo, E. Faxardo, F. X.de acha kabi dramaturglarning pyesalari sahnalashtirildi. 1856 yil «Solis» teatri qurildi. Milliy teatrning ravnaqtopishida dramaturglar F. Sanches va E. Errera ijodining ahamiyati katta bo’ldi. 20-asrning 30-40-yillarida «mustaqil teatrlar» harakati boshlandi. «Komediya Nasonal», «el Galpon», «Teatro UNO», «Teatro universitario» kabilar tijorat teatrlaridan farkli o’laroq milliy va jahon dramaturgiyasining eng yaxshi namunalarini sahnaga olib chiqdilar. Tanikli teatr arboblari — S. Korrieri, X. Savala Munis, A. del Chopo, X. Ortis, F. Volf, A. Lorreta. 1949 yildan drama san’ati maktabi ishlaydi. Kinosi. 1898 yil dastlabki qisqa metrajli «Arrayo Seko Velodromidagi velopoyga» filmi suratga olindi. «Mushtlar va oliyhimmatlik» (1919, rejissyor X. Borxes) — birinchi to’la metrajli film bo’ldi. 1936 yildan, asosan, hajviy mazmundagi ovozli filmlar chiqarila boshladi. 1950 yil kinematografiya instituti tashkil etildi. 60-70-yillarda «Urugvaydek mamlakatni topib bo’psiz» (1960, rejissyor U. Olive), «Pragada» (1964), «Karlos» (1966), «menga talabalar yoqadi» (1968, hammasining rejissyor M. Andler), «saylovlar» (1967, rejissyor U. Olive va M. Andler) kabi siyosiy yo’nalishdagi filmlar, turli rejissyorlarning novellalaridan iborat «Oh, Urugvay» (1971) to’la metrajli film yaratildi.