Uganda (Uqanda), Uganda Respublikasi
Uganda (Uqanda), Uganda Respublikasi (Republic of Uqanda) — Sharqiy Afrikadagi davlat. Maydoni 236 ming km2. Aholisi 24,7 million kishi (2002). Poytaxti — Kampala shahri. Ma’muriy jihatdan 4 viloyat (region)ra bo’linadi. Davlat tuzumi. Uganda — respublika. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo’stlikka kiradi. Amaldagi Konstitutsiyasi 1995 yil 8 oktabrda qabul qilingan. Davlat boshlig’i — prezident (1986 yildan Yoveri Museveni), u umumiy to’g’ri ovoz berish yo’li bilan 5 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Milliy majlis, ijrochi hokimiyatni hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Ugandaning tabiati go’zal va iqlimi yumshoqligi sababli «Afrika durdonasi» deb ataydilar. Uganda Sharqiy Afrika yassitog’ligida joylashgan. Yer yuzasi, asosan, 1100-1500 metr balandlikdagi tog’lar uchrab turadigan tekislikdir. Eng baland joyi — Margerita cho’qqisi (5109 metr). Cho’qqilarni doim muz qalpog’i qoplab yotadi. Janubi Sharqdagi Elgon vulkani va Janubi G’arbdagi Virunga guruhi vulkanlari so’nib qolgan. Temir, mis, kobalt, polimetall rudalar, noibiy, tsirkoniy, apatit, oltin, qalay, volfram, asl toshlar, toshtuz va boshqa konlar topilgan.