Uyg’ur xoqonligi

Uyg’ur xoqonligi — uyg’urlar davlati (744-840). Sharqiy Turk xoqonligi hududida bosmil xoqonligi (742-744) dan so’ng paydo bo’lgan. Poytaxti— Qoraqurum (Urxun daryosining chap qirg’og’ida). Birinchi xoqoni qutlug’ Bilga xoqon (uyg’urlarning yog’liqor urug’idan) davrida (744-746) Uyg’ur xoqonligiga Oltoydan Manjuriyagacha bo’lgan hudud qaragan. Xoqon Mo’yunchur (qora xoqon) davri (746-759) da Uyg’ur xoqonligi kuchli davlatga aylangan. Shimolda qirg’izlar, Sharqda kidanlarni yengib, ularning yerlarini o’z davlatiga qo’shib olgan. 8-asr o’rtalarida Uyg’ur xoqonligiga g’arbda Oltoydan, sharqda Xingan tog’larigacha, Janubda Gobi cho’lidan shimolda Sayan tog’larigacha bo’lgan hudud kirgan. Xoqon Idigin davri (759-780) da Uyg’ur xoqonligi qo’shinlari Xitoydagi o’zaro urushlardan foydalanib, unga bostirib kirgan. 8-asr oxirida mahalliy boylarning o’zaro janjallari, tobe qabilalarning uyg’urlar hukmronligiga qarshi kurashi kuchayib, Uyg’ur xoqonligi tanazzulga uchray boshladi. 9-asr boshlarida bu kurash yanada kuchaydi. 840 yil Uyg’ur xoqonligi aholisi 5 ga bo’lingan. Bir qismi o’z joylarida qolgan. Uyg’urlarning yana bir qismi Sharqiy Turkiston va Jung’oriyaga ko’chib o’tgan. Buyuk ipak po’li Uyg’ur xoqonligi nazoratida bo’lib, tashqi savdo keng rivojlangan. Xon davlatni tutuqpar, beklar yordamida boshqargan. Xo’jaligi chorvachilik va dehqonchilik bo’lib, barcha yer, yaylov, chorva mahalliy boylar qo’lida bo’lgan. Uyg’ur xoqonligida yirik mahobatli qurilishlar (shahar, qal’a va boshqalar) olib borilgan. Qoraqurum shahri, Kichik Yenisey daryosining boshlanishida qal’a va qasr (Porbajin), Xemchik vodiysida 14 shaharqal’a va bir harbiy tayanch punkti qurilgan. Shaharlarda aholi hunarmandchilik (charm, yog’och, sopol, metalldan ishlangan ro’zg’or buyumlari, zargarlik) bilan shug’ullangan. Shu davrda uyg’ur yozuvi (Suryoniy alifbosi asosida) paydo bo’lgan. Uyg’ur xoqonligida moniylik hukmron din bo’lgan (8- asr), keyinchalik buddizm tarqala boshlagan (9-asrdan).