Uyg’urlar
Uyg’urlar — xalq, XXRdagi Sinszyanuygur Muxtor rayonining tub joy aholisi. 8 million kishidan ortiq (1990-yillar o’rtalari). Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, Hindiston, Afg’oniston va Pokistonda yashaydi. Uyg’ur tilida so’zlashadi. Dindorlari, asosan, sunniy musulmonlar. Yapon (Yutyanxeng), frantsuz (Klaprot) olimlari fikricha, «uyg’ur» atamasi miloddan avvalgi 3-2-asrlardan ma’lum. Uyg’urlar etnogenezi Xitoy manbalarida 4-5 ming yil avval tilga olingan «Di»(turk) larning «chidi»(qizil Di — Janubiy turk) ga borib taqaladi. Xitoyning shimolda mavjud bo’lgan chidi davlati miloddan avvalgi 594 yil Szin (Jin) xonligi tomonidan tugatilgach, chidilar shimolga ketishga majbur bo’lishgan. Uyg’urlar hun qabilaviy Ittifoqi (miloddan avvalgi 3-asr — milodiy 3-4-asrlar) da muhim rol o’ynaganlar. Milodiy 5-8-asrlarda Uyg’urlar Jujan(Avar) xonligi, keyinchalik Turk xoqonligi tarkibiga kirgan. 7-asrga qadar Uyg’urlar tarkibida yog’liqor (xon avlodi), quturg’ur, turlamveybur, buqosqir, ovchag’, xazarqasar, xo’g’ursu, yag’mo, ayovir kabi 9 qabila mavjud bo’lgan. Keyinchalik ularga Sirdaryoning yuqori qismi (yassi daryosi) bo’yida yashagan Adiz qabilasi qo’shilishi bilan 10 uyg’ur Ittifoqi shakllangan. 7-9-asrdagi manbalarda 15 uyg’ur qabila uyushmasi [Baku, hun, bayirg’u, tungro, Sijie, chibni, izgil(sije), basmil (Bashimi), qarluq (gelulu), sir, Tardush, Tuva, quvurqon, barsuk, qirg’iz] qayd etilgan. Qadimda Uyg’urlarning aksariyati dehqonchilik bilan shug’ullanib, o’troq hayot kechirgan. Shu sababli ularda qabila-urug’doshlik munosabatlari yo’qolib, yashagan joylari nomi bilan atalib kelgan. Uyg’urlarning tog’lik o’lkalardagi va chorvachilik bilan shug’ullangan qismi ko’chmanchi hayotga moslashgan. Ular 646 yil Sharqiy Turk xoqonligi hududida Uyg’ur xonligini tiklagan. Uyg’ururxun xoqonligi (Uyg’ur xoqonligi) davrida (744-840) uning barcha fuqarolari «Uyg’ur» deb, 9-asrda Uyg’urlarning Idiqut (Turfon) davlati Xitoy manbalarida «Kuju xonligi» deb nomlangan. 11-asra uning hududi g’arbda Kuchar shahridan Buyuk Xitoy devorigacha cho’zilgan bo’lib, Arab manbalarida «bilod Uyg’ur» yoki «Yug’ur»(alMarvaziy) deb qayd etilgan. Uyg’urlar mamlakati qadimgi Madaniyat o’choqlaridan hisoblanadi; bu hududda ko’plab qadimgi davlatlar, shaharlar mavjud bo’lgan. Uyg’urlar qadimdan turli yozuvlardan (26 ta) foydalangan. Ular 5-6-asrlardan boshlab maxsus uyg’ur yozuvi ishlata boshlashgan. Qadimgi uyg’ur musiqa san’ati Xitoy musiqasiga katta ta’sir ko’rsatgan. Uyg’ur xalqi musiqasining gavhari bo’lgan 12 maqom 16-asrda Omonnisoxon tomonidan tartibga solingan. Uyg’urlar hayotida tosh, suyak, kumush, mis va temirdan turli zeb-ziynat buyumlari yasash rivojlangan. Ular qadimdan jun, ipak, paxtadan maxsus dastgohlarda mato to’qishgan. Milodiy boshlarida (3-asr) ular tomonidan ishlab chiqarilgan qog’oz, arxeologik qazishmalar natijasida topilgan qog’oz nusxalarining eng qadimgisi hisoblanadi. Abdulahad Xo’jayev, Abduxoliq Aytboyev.