Umaviylar

Umaviylar — yaqin va O’rta Sharq, Movarounnahrda hukmronlik qilgan Arab xalifalari sulolasi (661 — 750), arablarning Makkadagi Quraysh qabilasining Umayya urug’idan kelib chiqishgan. Asoschisi — Muoviya I. Umaviylar davrida arablar g’arbda shimoliy Afrika, Pirenei yarim orolining katta qismi, sharqda Tabariston, Jurjon, Movarounnahr, Sind va boshqa hududlarni bosib olishgan. Muoviya I (661-680) va Abdulmalik davrida (685-705) davlatning harbiy, siyosiy, iqtisodiy qudratini oshiruvchi bir qancha ma’muriy va harbiy islohotlar o’tkazilgan. Xususan, xalifa lavozimi nasliy bo’lib qolgan, davlat xazinasi va davlat arxivi tashkil etilgan, Arab tili davlat tili deb e’lon qilingan, yangi (oltin, kumush va mis) pul chiqarilgan, harbiy-dengiz floti tashkil etilgan. Umaviylar poytaxtni Damashq shahriga ko’chirganlar, shu tufayli bu Xalifalikni Damashq xalifaligi deb ham atashadi. Umaviylar davrida ko’plab qo’zg’olonlar (736-737 yil O’rta Osiyodagi Xoris ibn Surayj, 731-740 yillarda Marokashdagi barbarlar qo’zg’oloni, 742 yil Mag’ribda xorijiylar qo’zg’oloni va boshqalar) bo’lgan. 747-750 yillardagi Abu Muslim qo’zg’oloni natijasida xalifa Marvon II taxtdan tushgan, hokimiyat abbosiylar qo’liga o’tgan. Umaviylar hukmdorlari: Muoviya I (661 — 680), Yazid I (680-683), Muoviya II (683684), Marvon I (684-685), Abdulmalik (685-705), Valid (705-715), Sulaymon (715-717), Umar (717-720), Yazid II (720-724), Hishom (724-743), Valid II (743-744), Yazid III (744), Ibroxim (744), Marvon II (744-750).