Umumlashtirish

Umumlashtirish — insonning voqelikni bilish, tadqiq etishdagi muhim fikriy amallaridan biri; narsa va hodisalarning o’xshash hamda muhim belgi, xususiyatlarini, bog’lanishlarni fikran muayyan tushunchaga birlashtirish jarayoni va uning natijasi. Umumlashtirish — ilmiy bilishning muhim vositalaridan hisoblanadi. Umumlashtirishda ayrimlikdan umumiylikka o’tiladi (masalan, «issiqlik» tushunchasidan «energiya» tushunchasiga o’tish) va umumiy tushuncha, hukm, nazariyalar hosil qilinadi (sabzi, piyoz, karam — sabzavot; olma, nok, o’rik — daraxt). Bunday tushunchalardan yuzaga kelgan umumiy bilim moddiy olamni chuqurroq aks ettirib, uning mohiyatini anglab olishga yordam beradi. Voqelik to’g’risidagi tushunchalarni, ularga asoslangan bilimlarni umumlashtirmasdan fanlarning asosiy kategoriyalarini yaratib bo’lmaydi. Umumlashtirishsiz bilimlarimizni sistemaga solish mumkin emas. Umumlashtirishsiz fan va ilmiy bilimlar taraqqiy eta olmaydi. Barcha ilmiy kategoriyalar, ular yordamida ifodalanuvchi qonun va tamoyillar, tajribada to’plangan empirik tushunchalar Umumlashtirish natijasida hosil qilingan.