Ulug’vorlik
Ulug’vorlik — estetika tushunchalaridan biri. Hajm va salmoq bilan bog’liq bo’lgan narsa-hodisalarning bir qarashda ilg’ab olinmaydigan botiniy jihatlarini, ulkan qudrat va miqyosga ega voqelikning estetik ko’rinishini anglatadi. Ulug’vorlik kundalik hayotda istisnoli voqelik sifatida namoyon bo’lib, odatiy voqea-hodisalardan o’zining favquloddaligi bilan ajralib turadi. Ulug’vorlik ob’yektiv va sub’yektiv asosga ega. Yulduzli osmon, vulqon, suv toshqini, ulkan dengiz to’lqinlari kabi tabiatdagi narsa va hodisalar, fidoyilik, qahramonlik, buyuk tarixiy shaxslarning ijobiy faoliyati kabi jamiyatdagi voqeliklar Ulug’vorlikning ob’yektiv asoslari hisoblanadi. Favqulodda yoki odatiy tasavvurlardan tashqaridagi voqea-hodisalarni estetik idrok etayotgan inson qalbining moyilligi Ulug’vorlikning sub’yektiv asosi sanaladi; ko’pchilikni hayratga solgan voqelik ba’zilarni hayratga solmasligi va aksincha bo’lishi ham mumkin. Ulug’vorlik o’zining har tomonlama ijodiy ifodasini san’atda topadi, san’atning barcha tur, xil va ko’rinishlari uchun asosiy tasvir ob’yektlaridan biri bo’lib xizmat qiladi. Ulug’vorlikning san’atda namoyon bo’lishi axloqiylik va ijtimoiylik bilan bog’liq. Insoniyat va jamiyat taraqqiyotida ro’y beradigan muhim voqealar, ulkan tarixiy shaxslar faoliyati, qahramonliklari, fidoyiliklari kishilarda hayrat tuyg’ularini uyg’otadi. San’atdagi Ulug’vorlik badiiy mazmun va shakl vositasida ifodalanadi, bunda g’oya hal qiluvchi rol o’ynaydi. Ulug’vorlik me’morlikda alohida ahamiyat kasb etadi. Misr ehromlari, Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlaridagi me’morlik obidalari o’zining salobati, ulug’vorligi bilan kishini hayratda qoldiradi. Ulug’vorlik faqat miqyos bilan belgilanmaydi, undagi nafislik, atrof muhit bilan uzviy qo’shilib ketganlik aloxida ahamiyatga ega. Ulug’vorlik insonni olijanoblikka, yuksaklikka, buyuklikka undaydi, tabiat hodisalarini estetik anglash va baholash imkonini beradi, shaxs, jamiyat va millat estetik tarbiyasida muhim rol o’ynaydi.