Umar ibn al-Xattob al-Foruq

Umar ibn al-Xattob al-Foruq (taxminan 585-644) — dastlabki to’rt xalifadan ikkinchisi (hukmronlik yillari 634-644). Islomni taxminan 616 yil qabul qilgan. Muhammad (sav)ning yaqin safdoshlaridan biri, u olib borgan barcha janglarda qatnashgan. Abu Bakr o’limidan avval Umarni o’z o’rniga tavsiya etgan. Umarning xalifalik davrida Islom Iroq, Suriya, Misr, Liviyaga tarqaldi. Eron hududlari xalifalikka qo’shildi. Arab-musulmon saltanati tarkib topa boshladi. Uning davrida barcha asosiy ma’muriy-huquqiy muassasalar, avvalo soliq-o’lpon tizimi tuzildi. Musulmonlar jamoasi tez orada ruhoniylar idora etadigan davlatga aylandi. Bu hol Umar xalifa unvoniga birinchi bo’lib qo’shimcha Amir al-mo’minin (mo’minlar hukmdori) unvonini qabul qilishida ham ifodalandi. Umar yangi musulmon yil hisobi — hijriy yil taqvimini joriy etdi. Sunniylar tarixiy an’anasida Umar risoladagidek hukmdor, ya’ni taqvodor, musulmonlarga nisbatan adolatli, dushmanlarga beshafqat inson sifatida ta’riflanadi. Uning davri Islomning «oltin asri» deb ulug’lanadi. Umar Muhammad (sav) ning Madinadagi qabri yoniga dafn etilgan.