Lokli miniatyura

Lokli miniatyura — yog’och, metall, mag’zi soxta (papemashe)dan ishlanib usti lok bilan qoplangan bezakli buyumlar; kupincha bo’rtma, o’yma, qadama, chizma naqshlar bilan bezatiladi. Lokli miniatyuraning asosiy xususiyati — sillis tekis yuzaning tiniq jilvasi, zamin ranglari, tasvir va inkrustasiya keskinligi, o’yma bezaklarda jozibali nursoya o’yini, shaklining yorqinligi. Xitoyda miloddan avvalgi 2-ming yillikdan ma’lum (kosa, ko’za, quticha, pardoz idishchalari va boshqalar), ayniqsa, ko’p tabaqali o’yma, qora yoki rangli zaminga bo’yoqlar, tilla bilan ishlangan tasvirlar, sadaf, kumush va boshqalar qadab bezatilgan (sirti lok daraxti sharbati bilan qoplanib pardozlangan) buyumlar keng tarqalgan. Buyumlarning bezak mujassamotlarida manzara, gullar, maishiy lavhalar ko’p uchraydi. Lokli miniatyura Koreya, Yaponiya, Hindixitoy mamlakatlarida shuningdek, Vetnam, Laosda ham keng tarqalgan. 15-17-asrlarda Eron, Hindiston, Markaziy Osiyo (Hirot)da, ayniqsa, tempera bilan ishlangan mag’zi soxtadan yasalgan buyumlar mashhur bo’lgan. Hindiston Lokli miniatyura buyumlariga odamlar, qushlar shakllari tushirilgan. 15-16-asrlarda yaratilgan qo’lyozma kitoblar muqovalarida turli mavzuda yaratilgan Lokli miniatyuralar uchraydi. Masalan, Alisher Navoiy devoni qo’lyozmalari muqovalari. Lokli miniatyura 15-17-asrlarda Sharqdan Hindiston, Eron, Markaziy Osiyo orqali Yevropaga kirib kelgan, 18-asrda rivojlangan: Frantsiyada «Marten» firmasi, Germaniyada Lokli miniatyura fabrkalarining miniatyuralar bilan bezatilgan buyumlari (tamakidon, quticha va boshqalar) usuli va badiiy mahorati bilan ajralib turadi; 18-asrdan Rossiyada ham yog’och, Pape-mashe, metal buyumlarga moybo’yoq bilan tasvir ishlash va uni loklash an’anasi rivojlangan. Markaziy Osiyoda, jumladan Buxoroda 16-asrda Lokli miniatyura mavjud bo’lganligi va badiiy buyumlar tayyorlanganligi haqida ma’lumotlar saqlangan. O’zbekistonda miniatyura san’ati keng ko’lamda va izchil rivojlanishi 20-asr 70-yillariga to’g’ri keladi. Kitobat san’atini qayta tiklash uchun olib borilgan harakatlar samarali yakunlandi. 1991 yildan Lokli miniatyura amaliy san’atning keng tarqalgan turlaridan biriga aylandi. Mag’zi soxtadan qilingan buyumlarni badiiy bezatishda naqsh mujassamotlarida yozuvlardan foydalanish, o’rta asr miniatyurasi an’analariga tayanish muhim natijalar berdi. An’anaviy mavzularda asarlar yaratish, shu bilan birga bu mavzular asosida erkin mujassamotlar ham yaratishga intilish kuzatiladi. Sh. Muhammadjonov, N. Xolmatov, T. Boltaboyev, A. Isroilov, Sh. Shomansurov, A. Yo’ldoshev, B. Yo’ldoshev va boshqalar bu sohada samarali ijod qilmoqda.