Lakshadvip

Lakshadvip — Hindistonning ittifokdosh hududi. Maydoni 32 km2. Aholisi 60,6 ming kishi (2001). Rasmiy til — malayalam tili. Aholisining asosiy qismi Islom diniga e’tiqod qiladi. Ma’muriy markazi — Kavarati shahri. Ittifoqdosh hudud Arabiston dengizida Hindistonning Janubiy-g’arbiy qirg’og’i yaqinida joylashgan 35 ta Marjon oroldan iborat bo’lib, ularning 11 tasida aholi yashaydi. Balandligi 3-4 metr. Eng yirik orollari —Lakkadiv, Amindiv va Minikoy. Fors qo’ltig’i bilan Hindistonning g’arbiy qirg’oqlari orasidagi dengiz yo’lida muhim strategik ahamiyatga ega. Iqlimi subekvatorial, mussonli iqlim. Yiliga 1700 mm atrofida yog’in tushadi. Lakshadvip 16-asrga qadar mustaqil bo’lgan. 1787 yilda Tipu Sulton davlatiga qo’shilgan. Tipu sultonligi barham topgach, Lakshadvip Ost-Indiya kompaniyasi qo’liga o’tdi. 1956 yildan orollar alohida hudud deb tan olindi va o’sha paytdan boshlab Hindiston Ittifoqi hukumati tomonidan boshqarila boshlandi. 1973 yilda Lakkadiv, Minikoy va Amindiv orollari guruhi Lakshadvip o.lari deb ataldi. Lakshadvip iqtisodida qishloq xo’jaligi yetakchi o’rinda. Aholining asosiy qismi kokos palmasi o’stirish va baliq ovlash bilan shug’ullanadi. Sanoat korxonalaridan qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalar, baliq-konserva zavodlari mavjud. Elektr energiyasi orollarning o’zida hosil qilinadi. Yo’lovchilar va yuklarni tashish, asosan, dengiz va havo transportida amalga oshiriladi. Chetga kokos palmasi tolasi va moyi, kopra chiqariladi. Chetdan sholi va boshqa iste’mol mollari keltiriladi.