Lamark (Lamarck) Jan Batist Per Antuan de Mone
Lamark (Lamarck) Jan Batist Per Antuan de Mone (1744.1.8, Bazanten, Pikardiya — 1829.18.12, Parij) — frantsuz tabiatshunosi, dastlabki to’liq evolyusion ta’limot asoschisi. Parij Fanlar Akademiyasi a’zosi (1783 yildan). Parijda tibbiyot va botanikani o’rgandi (1772-76 yil). «Frantsiya florasi» (1778) 3 jildli asarida o’simliklar sistematikasining asosiy printsiplarini bayon qildi. «O’simliklarning tabiiy tarixi» (1803), «Zoologiya falsafasi» (1809) asarlarida o’zining gradatsiya to’g’risidagi ta’limotini asoslab berdi. «Umurtqasizlar tabiati tarixi» asarida (1815-22) hayvonlarni asta-sekin oddiydan murakkablashib borishi tartibida sistemaga soldi. Lamark birinchi marta hayvonlarni umurtqasizlar va umurtqalilarga ajratishni taklif qildi. U ilk bor «umurtqasizlar» va «biologiya» terminlarini fanga kiritdi, zoopsixologiyaga asos soldi. As: Izbrannie proizvedeniya, t. 1-2., M., 1955.