Laminariyasimon suvo’tlar
Laminariyasimon suvo’tlar (Laminariales) — qo’ng’ir suvo’tlar tartibi. Dengiz suv o’tlarining eng yirigi, uzunligi 1 — 15 metr, ba’zan 60 metrgacha. Tanasi oddiy yoki shoxlangan, asosi bir yoki bir nechta plastinkadan iborat; o’tkazuvchi to’qimalari — elaksimon naychalar fotosintez mahsulotlarini tashiydi. Laminariyasimon suvo’tlar interkalyar o’sadi. O’sish zonasi plastinkaning asosidan boshlab poyaning uchki qismigacha joylashgan. Rizoidlari va tanasi, odatda, ko’p yillik; plastinkalari esa har yili yemirilib turadi. Yiliga bir marta zoosporalar hosil qiladi, ulardan mikroskopik gametofitlar o’sib chiqadi. Jinsiy ko’payishi — oogamiya. Urug’langan tuxum hujayra gametofitdyam — ajralmasdan yangi yirik tallom (sporofit) hosil qiladi. 30 turkumi, 100 ga yaqin turi bor; asosan, mo’tadil iqlimli va sovuq suvli dengizlarda o’sadi. Uzoq Sharq va shimoldagi hamma dengizlarda tarqalgan. Tarkibida uglevodlar, vitaminlar karotin, alginat kislota va boshqalar bor. Laminariyasimon suvo’tlardan tayyorlangan preparatlar tibbiyotda surgi dori sifatida hamda buqoq, arterioskleroza» davolashda foydalaniladi. Laminariyasimon suvo’tlar hayvonlarga ozuqa va qishloq xo’jaligida o’g’it sifatida foydalaniladi va iste’mol qilinadi.