Mavzu

Mavzu (Arabcha — joylashtirilgan, qo’yilgan), tema — 1) muhokama, ma’ruza, suhbat, dars, ilmiy asar va boshqalarning asosiy mazmuni; 2) adabiyot va san’atda — ijodkor tomonidan tanlanib, uning g’oyasini aks ettiradigan badiiy tasvir ob’ekti, hayotiy material doirasi. Badiiy adabiyotda (roman, qissa, doston, drama, she’r va boshqalar), tasviriy san’at, me’morlik (rasm, haykal, gravyura, naqsh va boshqalar), yirik musiqa asarlari (opera, musiqali drama, simfoniya va boshqalar)da ijtimoiy masalalar, tarixiy voqealar, kishilarning muayyan intilishlari, orzulari va hokazolar Mavzu bo’lishi mumkin. Mavzu g’oya bilan uzviy bog’liq. Asarning janri, syujeti va uslubi Mavzu va g’oyaga qarab tanlanadi. Mavzu tanlashda, ayniqsa, uning talqinida muallifning g’oyaviy mavqei katta rol o’ynaydi. Asarning konkret mazmunida bosh Mavzu yana mayda M.larga bo’linadi va bularning har biri g’oyaviy mazmunning biror tomonini ifodalaydi. Bir Mavzu bir necha muallif tomonidan turlicha yoritilishi, talqin etilishi ham mumkin. Bunda har bir muallif o’z oldiga qo’ygan g’oyaviy-ijodiy vazifalar o’ziga xos uslub va mazmunni belgilaydi; 3) biror musiqa asari yoki uning tarkibiy qismlari asosiy badiiy g’oyasini ifodalovchi va keyingi rivojiga xizmat qiluvchi tugal musiqa tuzilmasi. Polifoniya asarlari (masalan, Kanon, fuga)da Mavzu bir ovozli kuy bo’lib, turli ovozlarda navbatma-navbat bayon etiladi. Gomofoniya asarlarining Mavzulari birmuncha rivoj topgan (odatda, 8-16 taktli) tuzilmalardan iborat bo’ladi. Bunda kuy yetakchi ovozda namoyon bo’lib, jo’r bo’luvchi ovozlar esa uning mazmunini teranlashtiradi. Og’zaki an’anadagi musiqa, shuningdek, 20-asr avangardizm yo’nalishi (aleatorika, sonoristika va boshqa uslub) dagi kompozitorlik ijodida ohang Mavzulari bilan birga musiqa jarayonining faqat ritmik (masalan, usul) yoki tembr jihatlariga asoslangan Mavzular ham joriy etilgan. Bulardan tashqari, musiqa ijodiyoti (musiqali drama, opera, balet va boshqalar) da muayyan g’oya va mazmunga ega bo’lib, asarning boshidan oxirigacha o’zgarmay (leytmotiv, leyttema) yoki qisman o’zgarib keluvchi Mavzu va, aksincha, tuzilmasi chegaralanmagan Mavzu misollari mavjud. Yirik shakl (masalan, Sonata, simfoniya)lar bir necha Mavzularni o’z ichiga oladi. Ular har xil obrazlarni ifodalash va taqqoslab rivojlantirish uchun xizmat qiladi. Turli obrazlarni ifodalovchi Mavzular bosh Mavzuning tubdan o’zgartirish yo’li orqali vujudga kelishi (monotematizm) ham kuzatiladi.