Laringit

Laringit (laringo … Yunoncha It is — yallig’lanish) — hiqildoq shilliq qavatining yallig’lanishi. O’tkir va surunkali xillari bor. O’tkir Laringit ko’pincha Katar, gripp, qizamiq, skarlatina, ko’kyo’tal va boshqalar, shuningdek, butun organizmning sovqotishi, ovoz boylamlariga zo’r kelishi (baqirib gaplashish), muzdek yoki juda issiq ovqat iste’mol qilish, tamaki chekish, spirtli ichimliklarga ruju qo’yish natijasida ro’y beradi. O’tkir Laringitda bemor tomog’i qurib, qirilishi, tirnalishidan shikoyat qiladi; yo’tal tutadi, tovushi bo’g’iq, do’rillagan yoki butunlay chiqmay qoladi, ba’zan yutinganda og’riq paydo bo’ladi. O’tkir Laringitning kataral, diffuz, gemorragik, flegmonoz va boshqa shakllari farq qilinadi. Ko’pincha, bolalarda (xususan, 6-8 yoshgacha bo’lgan bolalarda o’tkir Laringitning soxta krup (bo’g’ma) shakli uchraydi. Bu, odatda, ekssudativ diatez va boshqa allergik kasalliklarga moyil bolalarda kuzatiladi. O’tkir kataral Laringit tezda tuzalib ketishi, diffuz-gemorragik shakli esa og’irroq kechib, uzoq davom etishi mumkin. Flegmonoz Laringitda bemorning ahvoli mushkullashadi, harorati ko’tariladi, hiqildoq sohasida og’riq paydo bo’lib, yutish qiyinlashadi va hokazolar. O’tkir Laringitning bot-bot qo’zib turishi va uni yaxshi davolamaslik, tamaki chekish, spirtli ichimliklar ichish, ovozni zo’riqtirib qo’yish (o’qituvchilar, lektorlar, ashulachilarda) va boshqa surunkali Laringitga sabab bo’ladi. Surunkali Laringit bilan og’rigan bemorning tovushi xirillab bo’g’iladi, tez toliqadi, ko’pincha yo’talib turadi. Davosi : kasallikning xili va kechishiga qarab fizio-terapevtik muolajalar, dorivor moddalardan ingalyasiya buyuriladi, organizmni chiniqtirish, kasbga oid zararli moddalarni yo’qotish tavsiya etiladi.