Lomonosov Mixail Vasilevich
Lomonosov Mixail Vasilevich [1711.8(19)11, Arxangelsk — 1765. 4(15)4, Peterburg] — rus tabiatshunos olimi, rus adabiy tilining asoschisi, shoir, rassom, tarixchi. Moskvada, Kiyevda (1734), so’ngra Peterburg akademiya universitetida o’qigan (1735). 1736 yildan Germaniyaning Merburg va Frayburg universitetlarida kimyo va metallurgiya fanlaridan ta’lim olgan. Peterburg Fanlar Akademiyasining birinchi akademik (1745). 1748 yilda Rossiya Fanlar Akademiyasi qoshida 1-kimyoviy laboratoriyaga asos solgan. 1755 yilda Lomonosovning tashabbusi bilan Moskva universiteti tashkil etilgan (keyinchalik unga Lomonosov nomi berilgan). Moddalarning atom-molekulyar tuzilishi haqidagi tushunchalarni rivojlantirgan, kimyoviy reaktsiyalarda massaning saqlanish qonunins topgan (1756), korpuskulyar (atom-molekulyar) ta’limoti asoslarini taklif etgan (1741 — 50). Venera sayyorasida atmosfera mavjudligini aniklagan (1761). Falsafiy va grajdanlik ruhidagi rus odasining ijodkori. Dostonlar, she’riy nomalar, tragediyalar va hajviy asarlar, fundamental filologik tadqiqotlar hamda rus tilining ilmiy grammatikasi muallifi. Ranglar haqidagi nazariyani olg’a surgan. Bir qancha optik asboblar yasagan. Mozaika san’atini rivojlantirgan, smaltalar ishlab chiqarishga katta hissa qo’shgan, shogirdlari bilan birga koshinkor naqshlarning yangi turlarini taklif etgan. Shvesiya Fanlar Akademiyasi (1760), Bolonya Fanlar Akademiyasi (1764) faxriy a’zosi.