Lissabon zilzilasi
Lissabon zilzilasi — Portugaliyada sodir bo’lgan zilzila. 1755 yil 1 noyabr soat 9:40 da ro’y bergan. Portugaliya tarixidagi eng kuchli zilzila bo’lib, juda katta talafot keltirgan. Zilzila oqibatida taxminan 60 ming kishi o’lgan, 17 ming uy, 32 monastir, 53 saroy buzilgan. Kuchli yong’inlar chiqqan. O’sha davrda yer tebranishini yozib oluvchi seysmograflar bo’lmagan. Lekin, mashhur Seysmologlar Gutenberg va Rixterlarning fikricha, zilzila magnitudasi 8,75—9 ga yetgan. Ba’zi seysmologlarning ta’kidlashicha, zilzila magnitudasi 8,6 dan oshmagan. Zilzila 2,5 million km2 maydonda Lissabon shahridan 2200 kilometr masofagacha sezilgan. Tebranish Portugaliya va Ispaniyadan tashqari Afrika shimolda, Yevropa qit’asida esa Skandinaviya mamlakatlariga qadar yetib borgan. Suv havzalarida sunami va seyshlar (zilzila natijasida dengiz va ko’llarda yuz bergan suvning rezonans chayqalish hodisasi) kuzatilgan.