List (Liszt) Ferents

List (Liszt) Ferents (1811.22.10, Vengriya, Shopron shahri yaqinidagi Doboryan qishlog’i — 1886.31.7, Bayreyt, Bavariya) — Venger kompozitori, pianinochi, dirijyor, pedagog, musiqa-jamoat arbobi. Budapesht musiqa akademiyasining asoschisi (1875 yildan prezidenti). 6 yoshidan otasidan pianino chalishni o’rganib, 9 yoshidan kontsert bera boshlagan. Virtuoz pianinochi sifatida 1847 yilgacha jadal kontsert faoliyati bilan shug’ullanib, butun Yevropa mamlakatlarida gastrolda bo’lgan. Fortepiano ijrochiligining buyuk islohotchisi List o’zining artistik jo’shqinligi, tabiiy kuch va betakror mahorati bilan tinglovchilarni rom qilgan. 1847-61 yillarda Veymar saroyi kapelmeysteri bo’lib, ko’proq kompozitorlik ijodi bilan shug’ullangan. List ijodida romantizm g’oyalari aks etgan. Teran musiqiy obrazlarni muayyan adabiyot, tasviriy va hatto haykaltaroshlik san’ati mavzulari bilan o’zaro uzviy bog’liqligi, asar mazmunini falsafiy umumlashtirish List ijodiga xosdir. U bir qismli dasturli simfonik poyema janrini hamda monotematizm (butun asar davomida bitta, rivojlanish jarayonida tobora o’zgarib boruvchi kuyga asoslanish) printsipini kashf etib, mavzuli-dasturli cholg’u musiqasi asoslarini yaratgan. Jami 1200 ga yaqin asar muallifi. Ulardan «Faust — simfoniya» (Gyote asari asosida, 1857), «Dantening «ilohiy komediya»siga simfoniya» (1857), «Tasso» (1854), «Prelyudlar» (1854), «Mazepa» (1851), «Prometey» (1855) kabi simfonik poemalari, 2 ta fortepiano kontserti (1849-56, 1839-61), 3 to’plamdan iborat «ziyorat yillari» nomli fortepiano asarlari, romanslari, Venger xalq ohanglari (verbunkosh uslubi, Chardash raqsi usullari) zaminida yaratilgan 19 ta Vengercha rapsodiyasi (1847-85), «Vengriya» (1854) simfonik poemasi, fortepiano uchun «Venger tarixiy manzaralari» (1886) va boshqa mashhur. Budapesht Oliy musiqa maktabi List nomida.