Leksika

Leksika (Yunoncha lexis — so’zga oid, lug’aviy) — tildagi barcha so’zlar va iboralar yig’indisi, tilning lug’at tarkibi. Leksika ma’lum qonun-qoidaga bo’ysunuvchi izchil va murakkab tizimdan iborat. Til Leksikasi to’xtovsiz o’zgarib turadi. Bu narsa lug’at tarkibida yangi so’zlarning paydo bo’lishi, mavjud so’zlardan ayrimlarining eskirib, iste’moldan chiqishi, leksik ma’nosini o’zgartirib, yangi ma’no kasb etishi kabi jarayonlarda ko’rinadi. Jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy tuzumning o’zgarishi bilan uzviy bog’langan holda Leksika boyib boradi. 20-asrda barcha xalqlar qatori o’zbek xalqi Leksikasi ham tezlik bilan o’sib, taraqqiy etdi. O’zbek tili Leksikasiga baynalmilal so’zlar keng ko’lamda kirib keldi. Buning ustiga fan va turli sohalar terminologiyasi ham to’xtovsiz o’sib bormoqda. O’zbek tili Leksikasida o’z va o’zlashgan qatlam, shuningdek, o’z qatlam tarkibida umumturkiy so’zlar va ulardan yasalgan O’zbekcha so’zlar mavjud. O’zlashma qatlam tarkibida forscha, arabcha, ruscha-baynalmilal so’zlar bor. O’zbek tili Leksikasi zamonaviyligi jihatdan 3 asosiy qatlamga bulinadi: 1) zamonaviy qatlam — eskilik va yangilik bo’yog’iga ega bo’lmagan so’zlar. Shu qatlamga oid so’zlar o’zbek tili Leksikasining asosini tashkil qiladi; 2) eski qatlam — hozirda ham iste’molda bo’lgan istorizmlar, arxaizmlar bu qatlamga kiradi; 3) yangi qatlam — yangi Leksika deb ham yuritiladi. Lug’aviy birliklar ishlatilish doirasi jihatdan 2 qatlamga ajratiladi: 1) ishlatilish doirasi chegaralanmagan so’zlar. Ma’nosi shu tilda so’zlovchilar uchun tushunarli va umumqo’llanish xususiyatiga ega bo’lgan so’zlar umumiste’moldagi chegaralanmagan Leksika sanaladi; 2) ishlatilish doirasi chegaralangan so’zlar — til lug’at tarkibining ajralmas qismi bo’lib, uning tarkibiga dialektal, terminologiya kasb-hunar Leksikasi, ilmiy atamalar, jargon va argolar, vulgarizm va varvarizmlar kiradi. Lug’aviy birliklar nutq ko’rinishlari jihatdan adabiy va so’zlashuv nutqiga xoslangan bo’ladi. Leksika termini biror muallif yoki asar Leksikasi kabi tor ma’noda ham qo’llanadi: Navoiy Leksikasi, «o’tgan kunlar» romani Leksikasi. Ad.: Tursunov U., Muxtorov J,, Rahmatullaev Sh., Hozirgi o’zbek adabiy tili, T., 1965. Bozorboy O’rinboev.