Libos, kostyum
Libos, kostyum (italyancha costume — odat) — teatrda — spektaklni bezashning muhim vositalaridan biri. Rejissyorning umumiy g’oyasi asosida yaratilayotgan sahna obrazini xarakterlashda aktyorga kiydiriladigan kiyim, poyabzal, bosh kiyim, zeb-ziynat va boshqalar. Libos tanlashda qahramonning xarakteri, jamiyatda tutgan mavqei va yoshi o’z aksini topadi, obrazning psixologik va ijtimoiy mohiyatini ochishda asosiy o’rin tutadi. Grim va soch turmagi Libosni to’ldiradi. Libos teatr rassomi ijodining mustaqil sohasi bo’lib, unda rassom o’tkir ijtimoiy, tarixiy, satirik, grotesk, fojiaviy, ertak va boshqa obrazlar dunyosini tasvirlaydi. Libos qadimgi marosim va o’yinlarda, qad va o’rta asr teatri, Sharq mumtoz tomoshalarida ham keng qo’llanilgan. Teatr taraqqiyotining dastlabki ko’rinishlarida va keyinchalik Libos shartli xarakterda yoki o’sha davrga mos zamonaviy kiyimni takrorlagan. Teatr Libosi sohasidagi g’oyalar J. Moler, D. Garrik, M. Volter, M. Salle, E. Zolya, A. Antuan kabi san’atkorlar, Meyningen teatri faoliyatida namoyon bo’ldi va rivojlandi. O’zbek teatrida L.Abdullaeva, T.Brim, N.Valdenberg, X..Ikromov, B.Kim, M.Musaev, T.Shorahimov, Sh.Shorahimov va boshqa mashhur Libos ustalaridir. Kinoda Libos yaratishda yirik ko’rinishda beriladigan mayda detallarni tomoshabinga yetkazishda stsenariy hamda kinotasmaning o’ziga xos tomonlarini hisobga olish talab etiladi. Libos orqali filmning janri, davr va yo’nalishi aniklanadi. Film Libosini yaratishda rassomdan tarix ilmiga ega bo’lishi, ekran orqali tomoshabinga yetkaziladigan mazmun (ifodalilik)ga alohida e’tibor berishi, ijodiy fantaziya va did, kiyim modelini tuzish san’atini mukammal egallashi va boshqalar talab etiladi. Mohina Ashirova.