Liviya cho’li

Liviya cho’li — Afrikadagi tropik cho’l. Liviyaning Sharqiy, Misrning g’arbiy va Sudanning shimoliy hududlarida, Sahroi Kabirning shimoliy-Sharqiy qismi. Maydoni 2 million. km2 chamasida. Shimoliy qismi qumtepalarning balandligi 300 metrgacha bo’lgan qum bilan qoplangan pasttekislik. Shimoli- sharqida chuqur tektonik soyliklar (Kattara botig’ining yer yuzasi dengiz sathidan 133 metr past) bor. Janub qismi balandligi 400-500 metr, eng baland joyi 1934 metr bo’lgan platodan iborat. Iqlimi tropik cho’l iqlimi. O’rtacha temperatura yanvarda 13-15°, iyulda 32-35°. Yillik o’rtacha yog’in 25 mm, shimolda 100 mm gacha, ba’zan bir necha yil yog’in yog’maydi. O’simlik kam. Vohalarda xurmo, shaftoli, o’rik yetishtiriladi, donli ekinlar ekiladi. Chorva boqiladi. Fayyum va Xarga vohalari temir yo’l orqali Nil vodiysi bilan bog’langan.