Linoleum
Linoleum (lotincha Linum — zig’ir mato, polotno va oleum — moy) — polimer rulon (o’ram) material. Asosli (zig’ir toladan to’qilgan matoli, Pergalinli yoki issiqlik-tovush izolyatsiyali) hamda asossiz (bir va ko’p qavatli), polivinilxloridli, gliftalli (alkidli), kolloksinli (nitrolinoleum) va rezinali (relin) xillarga bo’linadi. Linoleum 1,5—4 mm qalinlikda, eni 2 metrgacha, uzunligi 6-20 metr bo’lgan rulon (o’ram) va ko’p rangli qilib ishlab chiqariladi. Bino va avtomobil pollariga qoplash va boshqa maqsadlarda ishlatiladi. Linoleum dastlab 1864 yil Angliyada ishlab chiqarilgan. U jut matoga (asosga) o’simlik (zig’ir, kungaboqar va boshqalar) moyi, po’kak kukuni va boshqalar qoplangan gliftalli materialdan iborat bo’lgan. Linoleum tekis asosga (taxta yoki tsement polga, shpaklepkalab tekislangan avtomobil poliga) polimer mastika yoki maxsus yelim yordamida yopishtiriladi. Standart o’lchamli xonalarga mo’ljallab muayyan o’lchamda ishlab chikariladigan yaxlit polivinilxlorid Linoleum gilamlari ham bor.