Liofil va liofob kolloidlar
Liofil va liofob kolloidlar (Yunoncha 1uo — eritaman, phileo — yaxshi ko’raman, phobos — qo’rquv) — dispersion muhiti suyuqlikdan iborat bo’lgan dispers sistemalar. Dispers faza zarrachalari bilan dispersion muhit zarrachalari orasidagi bog’lanishga qarab, Liofil va liofob kolloidlar farq qilinadi. Agar dispersion muhit suv bo’lsa, «liofil» va «liofob» terminlari o’rnida «gidrofil» va «gidrofob» so’zlari ishlatiladi. Liofil kolloidlarga molekulyar moddalari juda katta bo’lgan yuqori molekulyar moddalar hamda oqsil, jelatina, pepsin kabi birikmalarning eritmalari misol bo’la oladi. Rus olimi P. A. Rebinder taklifiga ko’ra, dispers fazasi ma’lum sharoitda o’z-o’zicha kolloid zarrachalari darajasigacha (1 — 100 nm) parchalangan muvozanat holatdagi kolloid sistemaga liofil kolloid deb aytiladi. Bu sistemada dispers faza zarrachalari kolloid kattaligida bo’lib, dispersion muxit molekulalari bilan mustahkam bog’lanib, muhitga nisbatan liofil xususiyatga egadir. Liofob kolloidlarda dispers faza dispersion muhit bilan kuchsiz bog’langanligi sababli ularning zarrachalari alohida molekulalardan iborat bo’lmay, bir qancha molekulalar agregatini tashkil qiladi. Bu sistemalarda kolloid zarrachalarining o’lchami dispersion muhit molekulalarining o’lchamiga nisbatan bir necha marta katta bo’lganligi uchun kolloid zarracha bilan suyuqlik orasida chegara sirti hosil bo’ladi. Shu sababli bunday mikrogeterogen sistemalar tipik kolloidlar deb ataladi. Tipik, ya’ni chegara sirtlarga ega bo’lgan liofob kolloidlar faqat molekulyar yoki elektrolit-stabilizatorlar ishtirok etganda hosil bo’ladi. Katta miqdorda dispers faza saqlovchi Liofob kolloidlarini olish ancha murakkab. Liofob kolloidlarga oltin, platina, kumush zollari, metall sulfidlarning gidrolizlari va boshqalar misol bo’la oladi. Hozirgi kolloid sistemalar Liofil va liofob kolloidlar deb ajratilmaydi, lekin dispers faza va dispersion muhit zarrachalari orasidagi bog’lanishlarni tavsiflash maqsadida «liofil», «liofob» terminlari saqlab qolingan. Sayfullo Hamroyev.