Litokimyoviy s’yomka, metallometrik s’yomka
Litokimyoviy s’yomka, metallometrik s’yomka — foydali qazilmalarni izlashning eng muhim geokimyoviy usuli, tog’ jinslari va ularning nurash mahsullari kimyoviy tarkibini rejali ravishda o’rganishga asoslangan. Litokimyoviy s’yomka olingan namunalarning barcha xususiyatlarini kimyoviy va spektral metodlar yordamida aniqlaydi. Natijada foydali qazilmaning asosiy yoki yo’ldosh elementlarining lito-kimyoviy anomaliyalari, tarkibi aniqlanadi. Litokimyoviy anomaliya zonasida rudani qazib olish va uning sanoat ahamiyatini aniklash maqsadida qidiruv-razvedka ishlari olib boriladi. Litokimyoviy s’yomkada konlarning joylanish qonuniyatini aniqlash maqsadida daryo va ariqlarning quruq o’zanlaridagi allyuvial-prolyuvial yotqiziqlar tekshirib ko’riladi. Litokimyoviy s’yomka o’rganilayotgan hududning relefi, Geologik tuzilishiga qarab har xil zichlik (2,0×0,5 kilometr; 500×50 metr; 100×20 metr) hamda masshtabda (1:200000; 1:50000; 1:10000) o’tkaziladi va geologik, geofizik s’yomkalar bilan birga olib boriladi. Litokimyoviy s’yomka natijasida foydali qazilmaning xarita, kesma va elementlar tarkibi grafigi tuziladi. Litokimyoviy s’yomka yordamida ko’plab rangli va noyob metall konlari topilgan (masalan, O’zbekistonning oltin rudali Muruntov koni).