Liman sug’orish, liman usulida sug’orish
Liman sug’orish, liman usulida sug’orish — yerni erta bahorda erigan qor va daryolarning toshqin suvlarini limanlarda tutib qolish bilan bir marta bostirib sug’orish. Ekinlar yetishtirish uchun tuproqda etarli nam to’plash maqsadlarida o’tkaziladi. Liman sug’orish yarim qurg’oqchil mintaqalar (Volgabo’yi, shim. Kavkaz, G’arbiy va Sharqiy Sibirning cho’l mintaqalari, Ukraina, Qozog’iston va boshqalar)ning o’simliklar uchun bahorgi bir marta bostirib sug’orish va so’ngra yozgi yog’inlar hisobiga tuproqda to’planadigan nam zaxirasi kifoya qiladigan sharoitlarida qo’llaniladi. Doimiy sugorish usuliga qaraganda jo’n va 9-30 marta arzonga tushadi. Limanni barpo etishga qilingan xarajat qo’shimcha hosil evaziga 1-4 yilda qoplanadi. Limanlarning turiga qarab turli ekinlar yetishtiriladi. Liman sug’orish tuproq paydo bo’lish jarayonini o’zgartirish bilan birga ekinlar hosildorligini oshirishga olib keladi. Sug’orishning boshqa turlarini qo’llash mumkin bo’lmagan joylarda o’rmon daraxtlarini Liman sug’orish muhim ahamiyat kasb etadi. Liman sug’orish nishabligi kichik (0,001—0,002) va tekis relefli joylarda yuqori samara beradi. Relefning quyi hamda o’rta va yuqori qismlarida sun’iy to’siq hosil qilish yo’li bilan limanlar barpo etish mumkin. Sug’oriladigan maydon — limanlarda suv maxsus tuproq to’siqlar, to’g’onlar va turlicha gidrotexnik inshootlar yordamida tutib qolinadi va dalalar bo’ylab taqsimlanadi. Tuproqqa singib ketmagan ortiqcha suv suvchiqargichlar orqali tashlab yuboriladi. Limanlar oddiy va pog’onali, sayoz va chuqur suvli turlarga bo’linadi. Ziyomiddin Artukmetov, Abdurahim Ermatov.