ARABSHUNOSLIK
ARABSHUNOSLIK – Arab xalqlarining tili, tarixi, iqtisodiyoti va madaniyatini tadqiq etuvchi fanlar majmui. Arabshunoslik asli Arab bo’lmagan (masalan, turkiy bo’lgan), lekin Arab tilida ijod qilgan olimlarning madaniy meroslarini ham o’rganadi. Arabshunoslik G’arbiy yevropada 16-asr oxirida vujudga keldi. Rim, Parij, Leyden uning asosiy markazlari bo’lgan. 19-asr — 20-asr boshlarida Arab grammatikasi, leksikografiya va Adabietshunoslik bo’yicha Silvestr de sasi, J. Belo (Frantsiya), K. Kaspari (Norvegiya), U. Rayt, R. Nikolson (Buyuk Britaniya), G. Fleysher, T. Nyoldeke, K. Brokkelman, G. Freytag, X. Ver (Germaniya), Ya. Goldus (Gollandiya), I. Goldtsier (Vengriya) ilmiy tadqiqot ishlari olib borganlar. Arab mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti muammolari bilan J. Sovaje, E. Levi-Provansal, K. Kazn (Frantsiya), K. Bekker (Germaniya), D. Dennet, B. Lyuis, G. A. R. Gibb (Angliya), K. A. Nallino, E. Rossi (Italiya), G. Kampfmeyer (Germaniya), Ch. Adame, J. Xeyvort-Denn, Sh. Issavi (AQSh), A. Xaurani, S. Longrigg (Buyuk Britaniya), J. Berk (Frantsiya) va boshqalar. Arabshunoslar shug’ullanganlar. Hozirgi Arabshunoslik bilan Leyden, Parij, Oksford, Kembrij, Galle, Praga, Rim, Qohira, Damashq, Bayrut, Jazoir, Tunis, Rabot, Xartum, Haydarobod universitetlarida, shuningdek Arab mamlakatlari ligasi (Tunis) qoshidagi Arab oliy bilimlari instituti, Islomshunoslik instituti (Bag’dod), Sharq va Afrika mamlakatlarini o’rganish maktabi (London), Sharq tillari maktabi (Parij) va boshqa ilmiy markazlar shug’ullanadi. Rossiyada Sankt-Peterburg, Moskva, Ukrainada Xarkov, Tataristonda Kozon universitetlarida Arab tili o’qitish yo’lga qo’yilgan. Sankt-Peterburg Arabshunoslik markazi bo’lib qolgan (19-asr). Rossiyadagi Arabshunoslikka nemis arabshunosi X. D. Fren, miyerlik Shayx Tantoviylar asos solgan. Akademik B. D. Dorn, professor V. V. Grigorev, professor V. F. Girgas, akademik V. R. Rozen kabi arabshunos olimlar Arab tili, adabiyoti, dini va tarixiga oid ko’plab ilmiy asarlar yaratganlar. 20-asr 20-yillar boshlarida Toshkent, Tbilisi va Bokuda Arabshunoslik maktablari vujudga keldi. V. V. Bartold, A. E. Krimskiy, I. Yu. Krachkovskiy, M. A Sale, A P. Kovalevskiy, T. A. Shumovskiy, P. G. Bulgakov, P. A. Gryaznevich, A. B. Xolidov va boshqa o’rta asrlar Arab yodgorliklarini tarjima qilib, nashr ettirdilar. 30 — 60-yillarda G. V. Tsereteli va I. N. Vinnikovlar O’rta Osiyo arablarining tili haqida monografiyalar yozdi. 70 — 80-yillarda Arab mumtoz va hozirgi zamon adabiyoti, tilshunosligiga qiziqish kuchayib, bu haqda ko’plab ilmiy asarlar yaratildi, eng muhim asarlar tarjima qilindi. O’rta Osiyo, jumladan, hozirgi O’zbekiston hududida arablar istilosi (8-asr)dan keyin Arab tili din va ilm-fan tiliga aylangach, mahalliy olimlar asarlarini Arab tilida yoza boshlaganlar. Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Mahmud Koshg’ariy, Zamaxshariy, Sam’oniy va boshqalarning fanning turli sohalari — falsafa, mantiq, geologiya, tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, Arab tili, adabiyoti, folklori, tarixi, etnografiyasi, tarixiy geografiyasi va boshqalarga doir risolalari Sharq va G’arb arabshunoslari uchun hozir ham eng muhim tadqiqot manbai bo’lib qolmoqda. Islom dini, fiqh va hadis ilmi sohasida ham Turkiston olimlari ko’plab asarlar yaratganlar. Bular jahon miqyosida (xususan Arab olamida ham) yuqori baholanib, tan olingan. 19-asr 80 — 90-yillarida, ayniqsa, 20-asr boshlarida Turkistonda Rossiyaning mustamlakachilik maqsadidan kelib chiqqib Arabshunoslik ilmiga birmuncha ahamiyat berildi. Toshkentda «Arxeologiya havaskorlarining Turkiston to’garagi» (1895), keyinroq Peterburg sharqshunoslik jamiyatining Toshkent bo’limi vujudga keldi. O’zbek arabshunoslari tomonidan yaratilgan Arab tili, fikx, tarix va boshqalarga oid asarlar, lug’atlar, arabchadan o’zbek tiliga qilingan tarjimalar nashr etildi. Fitrat Arabshunoslik sohasida birmuncha ilmiy ishlar qildi. Arabshunos A. E. Shmidt Arab tili, adabiyoti, Islom tarixiga doir tadqiqotlar olib bordi. Xattot, manbashunos I. Odilov Arabcha qo’lyozmalarga tavsif yozdi, ularni qayta ko’chirdi. Sharqshunos S. Mirzayev Arab tilshunosligiga oid «Arab tili grammatikasi» nomli ilmiy asar yozdi (1944). O’zbek arabshunoslari (U. I. Karimov, H. Hikmatullayev, Sh. Shoislomov, N. Ibrohimov, A. Irisov, A. Talabov va boshqalar) Arab tilida ijod etgan olimlar asarlarini tadqiq etish va ularni o’zbek tiliga tarjima qilishda katta ishlar olib bordilar. Ar-Roziyning «Sirr al-Asror» («Sirlar siri») nomli Arabcha asarining yagona qo’lyozmasi (rus tilida, 1957), Ibn Sinoning Arabcha «Al-qonun fittibb» («Tib qonunlari») asari (rus va o’zbek tillarida, 1-nashri 1954-61 va 2-nashri 1979-83) tarjima qilinib, nashr etildi. Beruniyning Arab tilidagi ilmiy va adabiy merosini o’rganish borasida ham muhim ishlar kilindi. Uning tanlangan asarlari (5-jilddan iborat) O’zbek tiliga tarjima qilindi. Muhammad ibn Muso Xorazmiyning Arab tilida yozgan asarlari to’plami «Tanlangan asarlar» (1983), «Astronomiyaga oid risola»si (1983) ham tarjima qilinib nashr etildi. O’zbek arabshunos olimlari Arabcha qo’lyozmalarni — «O’zbekiston Fanlar akademiyasining Sharq qo’lyozmalari to’plami»ni nashrdan chiqardilar (rus tilida, 11 jildli katalog, 1952-75). Hozirgi Arabshunoslik O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik ilmiy tadqiqot instituti faoliyatida ustuvor yunalishlardan biri hisoblanadi, bundan tashqari zamonaviy Arabshunoslik ishiga Toshkent Islom universiteti ham salmoqli hissa qo’shmoqda, Arabshunoslik sohasi uchun yetuk mutaxassislar tayyorlash bilan Toshkent davlat sharqshunoslik instituti shug’ullanadi. Ad.: Lunin B. V., Iz istorii russkogo vostokovedeniya i arxeologii v Turkestane, T., 1958; Irisov A., Toshkentda arabshunoslik, T., 1964; O’zbekiston sharqshunoslari, T., 1997. Ismatulla Abdumayev.