ARALASH O’G’ITLAR
ARALASH O’G’ITLAR, mineral o’g’itlar aralashmasi — tarkibida ikki va undan ortiq oziq moddalari bo’lgan tayyor o’g’itlar aralashmasi. Aralash o’g’itlar bir jinsli, yaxshi sochiluvchan bo’lishi kerak, ularni tayyorlashda o’g’itlarni aralashtirish qoidalariga rioya qilinishi lozim. Aralash o’g’itlar zavodda ham, xo’jaliklarda ham tayyorlanishi mumkin. O’g’itni zavodda aralashtirish Agronomiya talabiga mos keladi. Xo’jaliklarda bir komponentli o’g’itlardan barvaqt aralashma tayyorlash va uni saqlash mumkin emas, chunki bunda ularning fizik xususiyati yomonlashadi. Ekinga qarab Aralash o’g’itlarda asosiy o’g’itlar nisbati har xil bo’ladi. Kaliy bilan yetarli ta’minlangan g’o’za maydonlarida shudgorlash va ekish vaqtida o’g’it solishda azot 1: fosfor 2,5: kaliy 0 va azot 1: fosfor 4: kaliy 0 yaxshi nisbat hisoblanadi. Tuproqning sho’ri yuviladigan sharoitlarda g’o’zaga fosfor-kaliyli va azotfosforli Aralash o’g’itlar solish samaraliroqdir. Ularni qo’shimchalar — mikroelementlar, gerbitsidlar, insektisidlar qo’shib ham tayyorlash mumkin.