Abbos ibn Abdulmuttalib
Abbos ibn Abdulmuttalib – to’liq ismi Abbos ibn Abdulmuttalib (Shayba) ibn Hoshim (Amr) ibn Abdumannof (Mug’iyra) ibn Kilob ibn Murra ibn Ka’b [568, Makka-654 (hijriy 32 yil 12-rajab), Madina]-Muhammad (s.a.v.)ning amakilari, Abdulloh ibn Abbosning otasi. Qurayshning Banu Hoshim urug’idan. Johiliyat davrida ziyoratchilarni suv bilan ta’minlash va Ka’bani obod qilishga mas’ul bo’lgan. Katta o’g’illari (Fazl)ga nisbat beribm uni Abdulfazl kunyasi bilan atashgan. Otasi Abdulmuttalib Muhammad (s.a.v.)ning bobolari bo’lgan. Abbos ibn Abdulmuttalib serfarzand bo’lib, bulardan Fazl, Abdulloh, Ubaydulloh, Qusam, Abdurahmon, Horis, Karis, Avn va Tammomning nomlari ma’lum. Abu Bakr Siddiq (r.a.), Umar ibn Xattob (r.a.) va Usmon ibn Affon (r.a.)ning xalifaliklarini ko’rgan. Hadis kitoblarida undan 35 hadis rivoyat qilingan. Ular oraida “Tasbehlar namozi” hamda zakotni oldindan berish masalalariga taalluqli hadislar bor. 88 yoshida juma kuni vafot etgan. Janozasini Usmon ibn Affon (r.a.) o’qigan. Baqi’ qabristoniga dafn etilgan.