ABDULAZIZXO’JA MADRASASI
ABDULAZIZXO’JA MADRASASI — Qarshidagi me’moriy yodgorlik (1909). Mahalliy me’moriy an’analarning soddalashtirilgan shaklida g’isht, ganchdan qurilgan; chortoqtarhli (26×24 metr), murabba hovlili (14×14 metr). Ikki qavatli darvozaxona — peshtoqning ikki yonida hujralar bor. Binoning ikki yon burchagida devorga tutashtirib ikki burj qurilgan. Qanotlarning birinchi qavatiga yuza, ikkinchi qavatiga eni keng ravoq ishlangan. Masjid va darsxonalar gumbaz tomli. Hovli balxi gumbazli hujralar bilan o’ralgan. Madrasa deyarli bezaksiz. Unda Qashqadaryo viloyati tarix-o’lkashunoslik muzeyi joylashgan.