ABDUQODIR MUHANDIS
ABDUQODIR MUHANDIS, Abduqodir Boqiyev (1868—Samarqand — 1934) — xalq me’mori, koshinsoz usta. Abduqodir Muhandis 20 — yillargacha Ulug’bek madrasasi ravoqining nuragan madohil gulli lavhalarini koshinlagan. Xizr masjidi, yangi madrasa, Qo’shhovuz muazzinxonasi kabi binolarning koshinkorlik ishlarini bajargan. Keyinchalik Samarqand tarixiy obidalarini tiklash ishlariga boshchilik qilgan. 30 — yillarda Tillakori madrasasining koshinsozlik ishlarini olib borgan. U Buxorodagi Minorai Kalon zahalarini havozasiz tuzatdi. Sankt-Peterburgdagi Duma binosi, Afg’onistondagi Mozori Sharif va O’rta Osiyodagi ko’plab me’moriy yodgorliklarni tiklash ishlarida qatnashgan. Samarqand Registonida toshdan «Quyosh soati»ni qurgan.