ABSTRAKTSIONIZM
ABSTRAKTSIONIZM (lotincha Abstraction -mavhumlik, noma’lumlik, uzoqlashish). 20-asrda avval tasviriy san’atda paydo bo’lib, keyin adabiyotga o’z ta’sirini o’tkazgan oqim. Namoyandalari — Charlz Novard, Styuoriy Devis, Krauford, Retner, Morris, M. Seyfer, P. Mondrian, Paulo Kleye va boshqa san’at borliqning emas, san’atkor his-tuyg’ularining in’ikosi degan g’oyani ilgari surishgan. Bu oqimdagilar ijodida his, tuyg’u, xayol borliqdan uzilgan chiziqlar, geometrik shakllarda namoyon bo’ladi, shakl va mazmun bir-biriga singib ketadi, ya’ni an’anaviy tushunchadagi mazmun va shakl o’z mohiyatini yo’qotadi. Abstraktsionizmning ta’siri frantsuz she’riyatida ayniqsa sezilarlidir. Abstraktsionizm badiiy adabiyotda «antiroman» va boshqa ko’rinishlarda namoyon bo’lmoqda. Abstraktsionizm oqimi namoyandalari «voqelikni inkor etish evaziga ruhiy voqelik» yaratmoqchi bo’ladilar. 50-yillarda Abstraktsionizm san’atning «Belgilar san’ati», «Ierogliflar», «Kalligrafiya» kabi ichki yo’nalishlari paydo bo’ldi. Abstraktsionizm san’atga ma’lum bir uslubiy yangilik olib kelgan bo’lsada, taniqli mutafakkir va san’atkorlarning tanqidiga uchradi. Xususan, A. Kamyu voqelikdan mutlaq uzilgan asarning faqat voqelikka yopishib olgan asardan farqi yo’q deb qaraydi. Kamyuning fikricha, san’at voqelik va san’atkor his-tuyg’ulari o’rtasidagi erkin va tabiiy uyg’unlashuvdan paydo bo’ladi. Lekin Abstraktsionizm san’at va uning tasvir usullari haqidagi tasavvurni boyitgani uchun ham qimmatlidir.