Abu Hafs Kabir Buxoriy
Abu Hafs Kabir Buxoriy – [767 (hijriy 150)-Buxoro-832 (hijriy 216)] islom olamining buyuk faqih olimi. Imom Buxoriyning zamondoshi. Dastlabki bilimni o’z yurtida egallagan. So’ngra Bag’dodga borib, imom Muhammad Shayboniydan hanafiy mazhabi fiqhini o’zlashtirib, vataniga qaytgan. Hanafiya mazhabi ta’limotini ilk bora Movarounnahrga olib kelgan, islom qonunshunosligi asoslarini yaratgan yirik olim. Buxoroda ilmiy va diniy bilimlar rivojiga katta hissa qo’shgan hamda madrasaga asos solgan. Bu madrasa islom olamining turli o’lkalaridagi olim va tolibi ilmlar orzu qilgan madrasa bo’lgan. Narshaxiyning yozishicha, uning sharofati bilan Buxoro Qubbat ul-islom (Islom dinining gumbazi) unvonini olgan. U tufayli Buxoro hanafiylikning muhim markazlaridan biriga aylangan. Abu Hafs Kabirning o’ziga Kabir Buxoriy (Buxoriylarning kattasi) va Hojatbaror imom degan unvonlar berilgan, o’g’li Abu Abdulloh (Abu Hafs Sag’ir Buxoriy; vafoti 877) ham otasi singari fiqh ilmida peshqadam bo’lgan. Abu Hafs Kabir fiqhning turli masalalari yoritilgan “Al-Ahvo’ val-ixtilof” (“Havoyi gaplar va kelishmovchiliklar”), “Ar-Raddu alal-lafziyya” (“Yuzaki qarovchilarga raddiya”) va boshqa asarlar yozgan. Abu Hafs Kabir Buxorodagi Darvozai nav qarshisidagi tepalikda dafn etilgan. Buxoroliklar u joyni muqaddas sanab, “Haqrah” (“Haq yo’l”) va Xoja Imom Abu Hafs deb atagan. Buxorodagi Abu Hafs Kabir majmuasi mustaqillik yillarida ta’mirlanib, ko’rkam ziyoratgohga aylantirilgan. Hozirgi kunda uning “Kitob at-taxrij”, “Fatovo Abu Hafs Kabir” hamda “Navodir” (“Nodirliklar”) nomli asarlari aniqlangan.