Abu Hanifa
Abu Hanifa – Abu Hanifa Nu’mon ibn Sobi al-Kufiy [699 (hijriy 80), Kufa-767 (hijriy 150), Bag’dod] buyuk faqih, muhaddis, ulug’ imom, hanafiylik mazhabi asoschisi. Abu Hanifa-kunyasi. Imom A’zam (buyuk imom)-ulug’ligi e’tirof etilib berilgan unvoni. O’ziga to’q, boy oilada tavallud topgan bo’lib, yoshligidayoq diniy va dunyoviy ilmlarni zo’r mahorat bilan egallab, sahobalar suhbatidan bahramand bo’lgan. Otasidan qolgan katta boylikni ilm yo’lida sarf etgan. Yoshligidayoq Qur’onni yod olgan. Kalom ilmi va mantiqni o’rgangan. 22 yoshida iroqlik ulug’ alloma Hammod ibn Abu Sulaymonga shogird tushib, undan 18 yil ta’lim olgan. Ustozining vafotidan keyin 10 yil davomida uning ta’limotini davom ettirgan. Kufa va Basraning eng obro’li faqihi bo’lib yetishgan va o’zi shogirdlar tarbyalagan. Kamtar, mehribon va o’ta saxovatli, nihoyatda taqvodor inson sifatida hurmat qozongan Uning 55 marta haj qilgani haqida rivoyat bor. 747-48 yillarda Abu Hanifa Iroq hokimi Ibn Hubayra ta’qibidan qochib, Makkaga ketgan. Abbosiylar hokimiyat tepasiga kelgach, Iroqqa qaytib savdogarlik, ulamolik faoliyatini davom ettirgan. Xalifa Mansur (754-75) unga yangi poytaxt Bag’dodda qozilik yoki boshqa istagan yuksak lavozimni taklif qilgan. Biroq Abu Hanifa bu taklifni qat’iyan rad etgan. Shunda Mansur uni qamab, turli qiynoqlarga slogan. Abu Hanifa ko’p o’tmay vafot etgan. Mansur Abu Hanifaga zahar ichirgan va u shu sababdan shahid bo’lgan, degan rivoyat ham bor. Abu Hanifa fiqhiy ilmni birinchi bo’lib tasnif qilib, uni boblarga ajratib, tartibga solgan va kitob shakliga keltirgan. Abu Hanifaning kalom ilmi, fiqh, hadis, sarfga oid bir necha kitoblari [“Kitob as-salot” (“Namoz ahkomlari kitobi”), “Kitob al-Manosik” (“Haj kitobi”), “Kitob ash-shurut” (“Shartnomalar haqida kitob”), “Kitob al-faroiz” (“Meros ilmi haqida kitob”), “Kitob al-olim val-mutallim” (“Ustoz va shogird haqida kitob”), “Kitob al-fiqh al-akbar” (“Katta fiqh kitobi”), “Kitobi al-vasiya” (“Vasiyatnoma kitobi”) va boshqalar]. Abu Hanifa faqihlarning ustozi, Imom Shofiiy ta’biri bilan aytganda, “barcha odamlar fiqhda uning boqimandlari” edi. Hech qanday shubhaga o’rin qolmaydigan darajadagi aniq hujjat va dalillar asosida hukm chiqaradigan olim bo’lgan. Abu Hanifaning hadis sohasida ham asarlari mavjud. O’rta asr faqihi Abul Muayyad Muhammad ibn Mahmud Xorazmiy Abu Hanifa musnadlarini jam qilib, kitob shakliga keltirgan, 1907 yilda Misrda hop etilgan bu kitoblar zamonlar osha musulmonlar tayanadigan ilmiy manba va asos bo’lib kelmoqda. Abu Hanifadan ta’lim olgan shogirdlar zamonasining yetuk peshvolari bo’lib yetishgan. Ulardan biri Abu Yusuf Horun ar-Rashid davrida qozilik vazifasida ishlagan. Ikkinchi shogirdi imom Muhammad ibn Hasan, o’z navbatida, Imom Shofiiyga ta’lim bergan. Hadislarni saralashda nihoyatda mohir va har bir masalani dalil bilan isbotlay oladigan Zufar ibn Huzayl ham Abu Hanifaning mashhur izdoshlaridan. Yana bir shogirdi Hasan ibn Ziyod Abu Hanifaning “Al-Mujarrad”, “Qozining odobi”, “Nafaqalar”, “Faroiz” (“Meros ilmi”), “Hissatlar” kabi asarlarini yozib tugatgan. Abu Hanifaning o’g’li Hammod va nabirasi Ismoil ham shar’iy ilmlar borasida yetuk alloma bo’lgan, turli shaharlarda qozilik mansabida ishlagan. Xurosonda birinchi bo’lib hadisni yozib olgan Abdulloh ibn Muborak ham Abu Hanifadan ta’lim olgan. Movarounnahrdagi mamlakatlarda va dunyoning boshqa ko’pgina joylarida musulmonlar Abu Hanifa mazhabi qoidalari asosida ibodat qilishadi.