Abu Hurayra

Abu Hurayra – asl ismi Abdurahmon ibn Saxr al-Davsiy Abdushams (602-679, Madina) sahoba, roviy, faqih. Muhammad (s.a.v.) tomonidan Abdurahmon deb atalgan. Mushuklarni juda sevgan. Bir kuni uning etagida mushuk bolasini ko’rgan Muhammad (s.a.v.): Abu Hurayra (Mushukning egasi), deya lutf etganlar va u ham bundan iftixor etib, ushbu laqab bilan shuhrat topgan. Tijorat va boyligi yoxud ma’lum bir mashg’uloti bo’lmagani uchun asxobi Suffa sirasiga kiritilgan. U Dor ul-irfondan dars olgan. Ajoyib faqih bo’lib, ifto (fatvo beruvchi) mavqeiga ko’tarilgan. Umar (r.a.) tomonidan Bahrayn voliyligiga tayinlangan. Usmon (r.a.) zamonida Makka qozisi va Muoviya I davrida Madina voliysi bo’lgan. Favqulodda quvvai hofizaga ega bo’lgan. Abu Hurayra uch yil muttasil Muhammad (s.a.v.)ning majlisidan ajralmagan va bu muddat mobaynida kuch-quvvatini Muhammad (s.a.v.)ning so’zlari va ishlarini egallash hamda qayd etishga baxsh etgan. 5374 hadis rivoyat etgan. Bulardan 335 tasida Imom Buxoriy va Imom Muslim hamfikrdir, 93 tasi faqat Buxoriyda, 189 tasi yolg’iz Imom Muslimda, qolgan 4757 tasi boshqa hadis kitoblarida keltirilgan.