Abu Huzayl Allof

Abu Huzayl Allof – Muhammad ibn Huzayl (749/753-841/849, Sommurra) – mu’taziliylar (huzayliylar) Basra maktabining yirik vakili, g’oyaviy rahnamosi. Alloflar (g’alla sotuvchilar) savdo qiladigan joydan bo’lganligi uchun Al-Allof laqabini olgan. 818 yilda Bag’dodga ko’chib kelgan. 60 ga yaqin asar yozgan. Asarlarining aksariyat qismi bahs-munozara tarzida bitilgan. Uning “Raddiyalar” asari boshqa dinlar (yahudiylik, nasroniylik, zardushtiylik)ga ham, islom dinidagi turli oqim va maktablarga ham qarshi qaratilgan. Qur’on va sunna ta’limotini aql-idrokka mos talqin etishga urinib, ma’lumotlarni qabul qilishda faqat aqlga suyanish kerak, Qur’on yaratilgan, banda o’z fe’l-atvorini o’zi yaratadi, degan g’oyani ilgari surgan. Abu Huzayl Allofning Qur’onning maxluq (yaratilgan ekanligi), bandalarning mutlaq erkinligi va ular xatti-harakatlarini o’zlari yaratishlari, hayotiy ne’matlar haqidagi va boshqa fikrlari nafaqat sunniy mazhabidgi diniy allomalar, balki boshqa mu’taziliy oqimlarning vakillari tomonidan ham tanqidga uchragan. Abu Huzayl Allof xalifa Ma’munning ustozi bo’lgan va ayni shu xalifa davrida (813-833) mu’taziylar ta’limoti hukmron diniy e’tiqod hisoblangan. Xalifa amri bilan barcha qozilar, diniy allomalar, mansabdor shaxslar aqidaviy masalalarda imtihon qilingan. Mu’taziylik, ya’ni Abu Huzayl Allof aqidalarini tan olmagan kishilar xizmatidan bo’shatilib, jazolangan, xatto o’limga mahkum etilgan.