Abu Muin Nasafiy
Abu Muin Nasafiy – to’liq ismi Abu Muin Maymun ibn Muhammad ibn Mu’tamid ibn Muhammad ibn Makhul ibn al-Fazl an-Nasafiy al-Makhuliy (1046-Nasaf-1114.21.05) mutakallim olim. Movarounnahrda hanafiya aqidasi va moturidiya kalom ta’limotining rivojlanishida Abu Mansur Moturudiydan keying ikkinchi olim hisoblangan. Abu Muin Nasafiyning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosi haqida Ibn Abul Vafo Kurashiy (vafoti 1373), Ibn Qutlubug’o (vafoti 174), Toshko’prizoda (vafoti 1582), Hoji Xalifa (vafoti 1886) va boshqa olimlar o’z asarlarida qisqacha to’xtalib o’tishgan. Abu Hafs Nasafiy va Abul Barakot Nasafiy uning shogirdlari bo’lgan. Abu Muin Nasafiy Al-Imom al-ajal az-zohid (Zohid va ulug’ imom), Al-Faqih al-hanafiy va sayf al-haqih [Hanafiy faqihi va haq (Alloh) qilichi)], Jomi’ al-usul (Usullar jamlovchi) va Rais ahli sunna val-jamoat (Ahli sunna val-jamoat raisi) kabi bir qancha laqablar bilan ham atalgan. Uning asarlarini ko’chirgan xattotlar “Qola…” (“… aytadi”) deb, ketidan yuqoridagi nomlar bilan allomani sifatlashgan. Abu Muin Nasafiy dastlabki ta’limni Nasafda otasi Muhammad Makhuldan olib, so’ngra ilm-fanning yirik markazlaridan hisoblangan Samarqandga va siyosiy vaziyatlar tufayli u yerdan Buxoroga ko’chib o’tgan. Abul Yusr Pazdaviy, Faxrul islom Abul Hasan Pazdaviydan iborat olimlar guruhi bilan dastlab Samarqandda, so’ngra Buxoroda samarali ilmiy faoliyat olib borgan. Allomaning ilmiy faoliyati davomida boshqa o’lkalarga safar qilganligi manbalarda deyarli uchramaydi. Jiybulloh Hasan Ahmadning ma’lumot berishicha, Abu Muin Nasafiy Damashqa Ali ibn Husayn Muhammad Balxiy Samarqandiyga hadis ilmidan saboq bergan. Alloma nafaqat kalom ilmining allomasi, balki o’z davrining faqihi va usulchi olimi sifatida ham shuhrat qozongan. Turkiyalik kalomshunos olim professor Husayn Otay: “Moturidiylik ta’limotining eng mashhur mutakallim olim Abu Muin Nasafiydan keyin uning yo’li va tizimida u kabi shaxs hali yetishib chiqmagan”, deb allomaning ilmiy merosiga yuksak baho bergan. Moturidiyning “Kitob at-tavhid” asarini nashrga tayyorlagan tadqiqotchi Fathulloh Xulayf ham moturidiylik kalom maktabining rivojida hech kim Abu Muin Nasafiydek katta xizmat ko’rsatmagan, ash’ariylik maktabini Boqilloniy va G’azoliysiz tasavvur qilib bo’lmaganidek, morutidiylik ta’limotini ham Abul Muinsiz aslo tasavvur qilib bo’lmaydi”, deb uning ilmiy merosini alohida qadrlagan. Manbalarda quyidagi asarlar Abu Muin Nasafiy qalamiga mansub deb keltirilgan: “At-Tamhid li qavoid at-tavhid” (“Tavhid qoidalariga muqaddima”), “Bahr al-kalom” (“Kalom ilmi ummoni”), “Sharh al-jomi’ al-kabir” (“Katta to’plam sharhi”), “Manohij al-aimma fil furu” (“Imomlarning furu’ al-fiqhdagi uslublari”), “Izoh al-manhaj li kavn al-aql hujjatan” (“Aqlning hujjat bo’lishida manhajning izohi”), “Tabsirat al-adilla fi usul ad-din ala tariqat Abi Mansur al-MoMoturidiy” (“Din asoslarini isbotlashda Abu Mansur Moturidiy ta’limoti bo’yicha aniq va ravon dalillar”). Mazkur asarlardan bizgacha yetib kelganlari: “Tabsirat al-adilla”, “Bahr al-kalom” va “At-Tamhid li qavoid at-tavhid”. Ushbu asarlarining nodir qo’lyozma nusxalari arab tadqiqotchilari tomonidan bir necha bor tadqih etilib nashr etilgan. Abu Muin Nasafiyning vafotidan biroz vaqt o’tgach, uning shogirdi Najmiddin Abu Hafs Nasafiy “Aqoid an-Nasafiy” asarini yozgan va unda moturidiylik ta’limotini Abu Muin Nasafiy ifodalari vositasida aks ettirgan. Allomaning qabri Qarshi shahridan uncha uzoq bo’lmagan Qovchin qishlog’ida joylashgan. Ushbu maqbara tabarruk ziyoratgohlardan sanaladi.