Abu Turob Naxshabiy
Abu Turob Naxshabiy – [?-850, Naxshab (hozirgi Qarshi)] avliyo. Xuroson mashoyixlari orasida mashhur bo’lgan. Qirq marta hajni ado etgan. Ma’ruza va suhbatlarida kishilarni nafsni tiyib yurish, sabr-qanoatli bo’lish, shariat, tariqat va ma’rifat yo’lidan borishga chaqirgan. Zamondoshlari uni “ma’no shohining mardoni”, “taqvo osmonining oyi”, “haqiqat ilmining orifi”, “qutbi zamon” deb ta’riflashgan. Abu Turob haqida el orasida ko’plab naqllar yoyilgan. Shulardan yigirma yaqini Muhammad Siddiq Rusdiyning “Avliyolar sultoni, turonlik avliyolar” kitobida (1995) keltirilgan. Alisher Navoiy “Lison ut-tayr” dostonida Abu Turob nomini ehtirom bilan tilga olgan.