Abu Yusuf

Abu Yusuf – to’liq ismi Yoqub ibn Ibrohim al-Kufiy al-Ansoriy (731, Kufa-798 yoki 804) faqih, islomdagi dastlabki qozi ul-quzot. Kambag’al oilada tavallud topgan. 13 yoshida Qufa qozisi mashhur faqih Ibn Abu Laylodan fiqhdan saboq olgan, oradan 9 yil o’tgach, Abu Hanifaga shogirdlikka o’tib, 15 yilga yaqin uning shogirdi va eng yaqin yordamchisi bo’lgan. Boshqa shogirdlar, ayniqsa, Zufar ibn Huzayl bilan birgalikda fiqh nazariyasini ishlab chiqishda qatnashgan. Abu Hanifa vafotidan so’ng Iroqdagi allomalar davrasida ustozi o’rnini egallab, uning ishini davom ettirgan. Xalifa Mahdiy (775-785). Abu Yusufni Bag’dod qozisi etib tayinlagan, halifa Horun ar-Rashid (786-809 esa unga qozi ul-quzot manbasini berib, butun xalifalikdagi barcha qozilarni tayinlash va qozilar qarori yuzasidan tushgan shikoyatlarni ko’rib chiqish huquqini bergan. Bunday yuksak martabaga Abu Yusufga Abu Hanifaning nazariy qarashlarini amaliyotda keng qo’llash imkonini yaratgan, bu esa hanafiylik mazhabining tarqalishi va mustahkamlanishiga xizmat qilgan. Abu Yusuf “kitob al-xaroj” (“Xiroj haqida kitob”) asarining muallifi bo’lib, u Horun ar-Rashidning soliq, yer va suvdan foydalanish, davlat boshqaruviga oid savollariga berilgan batafsil javoblaridan iborat. Abu Yusufning shogirdlaridan Muhammad Shayboniy uning maslahat va ma’lumotlaridan keng foydalanib, Abu Hanifa ma’naviy merosini to’plagan va bir tizimga solgan. Boshqa shogirdi Ahmad ibn Hanbal bo’lgan. Abu Yusufning qarashlari Muhammad Shofiiyga ham katta ta’sir ko’rsatgan.