Abulabbos Mustag’firiy
Abulabbos Mustag’firiy – Imom Mustag’firiy; to’liq ismi Nasafiy Samarqandiy Ja’far ibn Abu Ali Muhammad ibn Abu Bakr (961-1041, Nasaf) tarixchi, adib, muhaddis va faqih. Sam’oniyning “Kitob al-ansob” asarida yozilishicha, bir qancha vaqt Marv, Saraxs, Nishopur, Buxoro va Samarqandda yashagan. 987 yildan Nasaf jome masjidida ma’ruzalar o’qigan. Umrining oxirida Nasafning bosh imom-xatibi lavozimida bo’lgan. U “Kitob tarixi Samarqand”, “Kitob tarixi Nasaf va Kesh” (2 jildli), “Kitob ush-shi’r vash-shuaro” (“She’r va shoirlar haqida kitob”), “Kitob ul-vafo” (“Vafo kitobi”), “Kitob daloil an-nubuvva” (“Payg’ambarlik dalillar kitobi”), “Kitob ud-da’vot” (“Targ’ibotlar kitobi”), “Kitob xutab an-nabiy” (“Payg’ambar xutbalari kitobi”), “Kitob tibb in-nabiy” (“Payg’ambar tibbi kitobi”) kabi o’ndan ziyod asarlar yozgan. Uning “Kitob tibb un-nabiy” asari Tehronda nashr etilgan.