Abulfath Alouddin Muhammad ibn Abdulhamid ibn Umar ibn Hasan ibn Husayn Usmandiy as-Samarqandiy

Abulfath Alouddin Muhammad ibn Abdulhamid ibn Umar ibn Hasan ibn Husayn Usmandiy as-Samarqandiy — (1095 (hijriy 488), Samarqand, Usmanda qishlog’i-1157) fiqh olimi. “Olamning ustuni” sifati bilan mashhur bo’lgan. Arab tilida ijod qilgan. U Najmiddin Umar Nasafiyning “Al-Manzuma fi ilm il-xilof” nomli kitobiga “Hasr ul-masoil va qasr ud-daloil” (“Muayyan masalalar va qisqa dalillar”) nomli sharh yozgan. Imom Sug’diy, Abulmafoxir Muhammad ibn Mahmud Sudaysiy allomaning mazkur asariga bitgan sharhlari bor. Abulfath Alouddin Muhammadning “Tariqat ul-xilof fi-l-fiqh bayn al-aimmat il-aslof” (“O’tgan allomalar o’rtasida fiqh ilmidagi ixtiloflar”) va “Bazl un-nazar fi-l-usul”) “Fiqh asoslariga chuqur nazar”) nomli asarlarida fiqh olimlarining qarashlari va fikr-mulohazalaridagi ixtiloflar bayon qilingan. Ushbu asarlar misrlik olim Muhammad Zakiy Abdulbarr tomonidan tadqiq etilib, Qohiradagi “Dor ut-turos” matbaasida nashr etilgan (1990, 1992). Abulfath Alouddin Muhammadning “Ta’liqa fi-l-fiqh” (“Fiqh ilmida izoh”) nomli ko’p jildli asari fiqh ilmining furu’ (tarmoqlari) masalalari haqida, “Al-Amoliy fi-t-tafsir” (“Tafsir ilmida imlo qilingan masalalar”) asari esa Qur’oni karimga bag’ishlangan tafsir sanaladi. “Lubob ul-kalom” (“Kalom ilmining javhari”)ning 2 qo’lyozma nusxasi bizgacha yetib kelgan bo’lib, ular Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasida saqlanadi. Olimning fiqh bo’yicha “Muxtalaf ur-rivoya”, “Al-Mu’tarix va-l-muxtalif”, usul ud-din bo’yicha “Al-Hidoya fi-l-kalom (fi usul il-e’tiqod)” nomli asarlari mavjud. Misrning “Dor al-kutub al-misriyya” nomli kutubxonasida saqlanayotgan 297 varaqdan iborat qo’lyozmaning microfilm nusxasida: “Muxtalaf ur-rivoya” Muhammad ibn Abdulhamid ibn al-Husyan ibn al-Hasanga tegishli”, deb yozilgan. Asarning dastlabki betlari yo’q. Hanafiy fiqhiga oid yana boshqa bir qo’lyozmaning microfilm nusxasi “Mustafo Fozil” kutubxonasida saqlanmoqda. Abulfath Alouddin Muhammadning Muhammad Shayboninyning “Kitob al-jome’ al-kabir” (“Katta to’plam” kitobiga yozgan “Sharh ul-jomi’ al-kabir” (“Jomi’ al-kabir”ning sharhi”) nomli bir necha jildli asarining 1-jildi bizgacha yetib kelgan. U “Kitob ul-imon” (“Imon haqida kitob”), “Kitob un-nikoh” (“Nikoh haqida kitob”), “Kitob ush-shahodat” (“Shahodat kitobi”), “Kitob ul-qazo” (“Hukm kitobi”) kabi boblardan iborat. Asarning kotib Ahmad ibn Mahmud ibn Umar Samarqandiy tomonidan 1361 yilda ko’chirilgan nodir qo’lyozma nusxasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo’lyozmalari markazi fondida saqlanadi.