Abulhasan Naysaburiy

Abulhasan Naysaburiy – to’liq ismi Abulhasan Ali ibn Ahmad Vohidiy Naysaburiy [1042 (hijriy 427), Nishopur-?] yetuk tilshunos, adib va mufassir olim. Otasi Ahmad Naysaburiy o’qimishli kishi bo’lib, tijorat bilan shug’ullangan. Abulhasan Naysaburiy Ibn Isxoq Naysaburiy, Abulhasan Quhandariy, Abulfazl Aruziy, Abu Tohir Mahmash, Abu Bakr Xayriy kabi olimlardan arab tili, tafsir, fiqh bo’yicha ta’lim olgan. Olim Abulfazl Maydoniy kabi yetuk tilshunos, lug’atshunos shogirdlar tayyorlagan. U “Basit fit-tafsir” (“Oson tafsir”), “Vajiz fit-tafsir” (“Mo’jaz tafsir”), “Tafsir ul-vasit baynal-vajiz val-basit” (“Sodda va mo’jaz tafsirlarni ajratish”), “Hoviy li-jami’ il-ma’oniy” (Ma’nolar to’plami”), “Risola fil-basmala” (“Basmala haqida risola”), “Fazoil is-suvar” (“Suralar fazilati”), “Nuzhat ul-uqul” (“Aqllar sayri”), “Takbir fi asmoi Alloh al-husna” (“Allohning go’zal ismlaridagi ulug’lik”), “Sharh devon ul-Mutannabbiy” (“Mutannabbiy devoniga sharh”) nomli asarlar bitgan. Asarlar qo’lyozmalari dunyoning turli fondlaridagi saqlanadi.