ABXAZIYA

ABXAZIYA, Abxaziya Respublikasi (abxazcha nomi «apsni» — qalb o’lkasi) — Gruziya Respublikasi tarkibida. 1921 yil 4 martda tashkil topgan. Zakavkazening shimoliy-g’arbiy qismida joylashgan. Janubiy-g’arbiy qismi qora dengizga tutashadi. Maydoni 8,7 ming km2. Aholisi 530 mingdan ortiq kishi (1999). 5 tuman, 7 shahar, 4 shaharcha bor. Poytaxti — Suxumi shahri Tabiati. Abxaziya hududining ko’pchilik qismi katta Kavkaz tog’tizmasining etaklari va yon bag’irlarida joylashgan (Gagra, Bzib, Abxaziya, Kodori tizmalari). Ayrim joylarda tog’larning balandligi 3-4 ming metrga yetadi. Dovonlar ham bor. Qora dengiz bo’ylab torgina tekislik cho’zilgan. Janubiy-sharqida Kolxida pasttekisligi joylashgan. Foydali qazilmalari: toshko’mir, qurilish materiallari, barit, simob, polimetall rudalar. Iqlimi — nam subtropik, tog’larda — mo’tadil sovuq va sovuq. Sohilda yanvarda temperaturasi 4°, 7°, tog’larda -2° gacha; iyulda sohilda 22°, 24°, tog’larda 16°, 18°. Yog’in miqdori pasttekisliklarda 1300-1500 millimetr, tog’larda 2400 millimetrgacha. Daryolari: Bzib, Kodori, Galidzga, Gumista; ko’llari: Risa, Amtkeli. Pasttekislik va tog’ etaklari botqoq, allyuvial, podzol, ayrim joylar sariq, qizil tuproqli. Balandlashgan sari chirindi karbonatli, qo’ng’ir tog’-o’rmon hamda tog’-o’tloq tuproqlar uchraydi. Mamlakat hududining 55% dan ko’prog’i o’rmon (samshit, buk, dub, qoraqayin, kashtan, grab daraxtlari), yuqoriroqda oq qarag’ay, undan balandda subalp va Alp o’tloqlari bor. Subtropik o’simliklardan xurmo, evkalipt, sarv va boshqalar o’sadi. Abxaziya hududida Risa, Gumista, Pisunda-Myusser qo’riqxonalari bor. Aholisi. Asosiy aholisi abxazlar va gruzinlar. Ular sohil tumanlari va tog’yon bag’irlarida yashaydi. Shaharlari: Ochamchira, Gudauta, Gagra (dengiz portlari), Gali, Tkvarcheli. Abxazlar o’zlarini apsua deb ataydilar. Davlat tili — abxaz tili. Tarixi. Abxaz xalqining ajdodlari haqidagi dastlabki ma’lumotlar jez asrining keyingi davridan boshlanadi. Miloddan avvalgi 1 — minginchi yil o’rtalarida Abxaziya Kolxida Podshohligining bir qismi bo’lgan. Miloddan avvalgi 2 — asr oxiri —1 — asrning boshlarida Abxaziya Pont Podshohligi, miloddan avvalgi 65 yildadan Rim qaramog’ida bo’lgan. 4-asrda G’arbiy Gruziyada vujudga kelgan Laz Podshohligi tarkibiga kirgan. 4— 6 — asrlarda butun Abxaziyani Vizantiya zabt etgan. 8 — asrga kelib abxazlar Vizantiyaga itoat etmay qo’ydi. Shu asrning 80-ylarida G’arbiy Gruziya yerlari Abxaziya Podshohligiga birlashtirildi. 16-asrdan Abxaziya Turkiyaga qaram bo’lib qoldi va abxazlar yerlari iqtisodiy-madaniy inqirozga uchradi. 1810 yilda Abxaziya Rossiyaga qo’shib olindi. 19- asr boshlarida abxazlar Axchipsou, Aibga, Dal, Tsabal, Psxu kabi erkin jamoalar tarzida kun kechirgan. Har biri bir necha ming kishidan iborat bo’lgan erkin jamoalar qon-qardoshlik guruhlariga bo’linar va ular o’rtasidagi munosabatlar abxazlarning an’anaviy huquqiga asoslanar, hamma masalani jamoa oqsoqoli hal qilar edi. Asrlar davomida Abxaziya knyazligining markazlashuv darajasi avvalo hokim knyazning shaxsiy obro’-e’tiboriga bog’liq bo’lgan. Ko’pincha u va mahalliy zodagonlar erkin jamoalarni nazorat qilmasdi. Abxaziya Rossiyaga qo’shib olingach, bir necha o’n yillar davomida vaziyat notinch bo’ldi. Aholining bir qismi Turkiya tarafdori edi. 1864 yilgi Kavkaz urushidan keyin Abxaziyaning muxtoriyat maqomidan mahrum etilishi vaziyatni keskinlashtirib yubordi. Ommaviy norozilik 1866 yilda abxazlarning yalpi qo’zg’oloniga aylanib ketdi. Rus jazo otryadlari qo’zg’olonni shafqatsizlik bilan bostirdi. Ma’murlar g’alayonchi abxazlarni Turkiyaga ko’chira boshladi. 1877-78 yillardagi rus-turk urushida abxazlar Turkiya tarafida faol ishtirok etishi sababli ularni majburan Turkiyaga ko’chirish ommaviy tus oldi. Natijada abxazlar yashab kelgan hudud ikkiga: shimoliy-g’arbiy (Bzib) va Janubiy-Sharqiy (abjuy) qismlarga bo’linib qoldi. Abxazlar tark etgan yerlarga Turkiyadan greklar va armanlar, Rossiyadan turli millat kishilari, Gruziyadan asosan megrellar ko’chib kela boshladilar. Shu tariqa hozirgi Abxaziya turli-tuman millatlar yurti bo’lib qoldi. 1921 yil 16 dekabrda Abxaziya shartnoma asosida Gruziya tarkibiga kirdi. 1990 yil dekabrdan Abxaziya Muxtor Respublikasi, 1992 yil iyuldan Abxaziya Respublikasi. Abxaziyadagi 1990-yillardagi vaziyatning xususiyatlari va o’tkir gruzin-abxaz mojarosining sabablari ko’p jihatdan tarixiy o’tmishga va 19-20-asrlardagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar xarakteriga borib taqaladi. Xo’jaligi. Abxaziya g’arbiy va Sharqiy iqtisodiy hududlarga bo’linadi. Xo’jaligida agrar soha ustun. Choy, tamaki, tsitrus mevalari, efir moyli o’simliklar ekiladi, makkajo’xori yetishtiriladi. O’rmonchilik va ko’mir qazib olish tarmoqlari rivojlangan. 90 — yillarning boshigacha sanatoriy-kurortlar tizimi alohida o’rin olgan. Dengiz bo’ylarida bog’dorchilik va tokchilik, shuningdek chorvachilik (asosan qoramolchilik), parrandachilik, pillachilik, baliqchilik va asalarichilikka katta ahamiyat beriladi. Sanoatda oziq-ovqat, tamaki mahsulotlari, meva konservalari ishlab chiqariladi. Abxaziyada 4 tamaki fermentasiya zavodi, bir necha choy fabrikasi, Kodori taxta tilish kombinati bor. Mahalliy xom ashyo asosida efirli moy zavodlari, shuningdek charm poyabzal kombinati va bir necha tikuvchilik korxonalari ishlaydi. Elektr energiyasi asosan Tkvarcheli elektr stansiyasi va Suxumi GESida hosil qilinadi. Mashinasozlik va kimyo sanoati, qurilish materiallari korxonalari bor. Abxaziya hududini Suxumi — Cherkasiya temir yo’l va avtomobil yo’llari kesib o’tadi. Asosiy dengiz porti — Suxumi shahri. Muhim iqlimiy kurortlar Suxumi, Gagra, Gudauta, Noviy Afon, Pisundada joylashgan. Madaniyati. Abxaziyada o’rta umumiy ta’lim maktablari, o’rta maxsus o’quv yurtlari, oliy o’quv yurtlari (Suxumi universiti, Subtropik xo’jalik instituti), ilmiy tadqiqot institutlari, klub muassasalari, muzeylar, botanika bog’i ishlab turibdi. Abxaz tilida gazetalar va jurlar nashr etiladi. Abxaz, gruzin va rus tillarida radio eshittirishlar olib boriladi. Retranslyasiya teleko’rsatuvi mavjud. Xalq og’zaki ijodida qahramonlar haqidagi ertaklar, rivoyatlar, ovchilik haqidagi hikoyalar, bandi qilib qo’yilgan Abrskil haqidagi qadimiy rivoyat, xalq qo’shiqlari mashhur. Xalq shoiri D. Gulia abxaz adabiyotining asoschisi hisoblanadi. Cho’pon va ovchi qo’shiqlari, dehqonchilik va urfodatlar bilan bog’liq qo’shiq va laparlar abxaz musiqasiga asos bo’lgan. Abxaziya hududida jez davrining dolmen deb atalgan sag’analari, qadimgi yunon va Rim davridan qolgan inshootlarning vayronalari (Dioskuriya— Sebastopolis, Anakopiya va boshqalar), Vizantiya davri (6-8- asrlar) me’moriy yodgorliklari — Noviy Afondagi ustunli bir gumbazli imorat, neolit va jez zamonlaridagi odam va hayvonlarning haykalchalari, naqshli keramika va bronza buyumlar saqlanib qolgan. 14 — asrning boshlaridagi miniatyuralar, 14-16 — asrlardagi freskalar mashhur. Hozirgi zamon tasviriy san’atining shakllanishida 1918 yil ochilgan Suxumi badiiy maktabi muhim rol o’ynagan. Abxaziyaning birinchi professional rassomi A. Shervashidze (Chachba) bo’lgan. I. Somaya, N. Tebukashvili, Ch. Kukuladze, V. Mesxi, M. Eshba, B. Gogoberidze kabi san’atkorlar mashhur. Qadimdan amaliy-bezak san’ati rivojlangan.