ADABIY AN’ANA
ADABIY AN’ANA — dunyoni badiiy idrok etish, bilish sohasida davrdan-davrga, avloddan-avlodga o’tib kelgan adabiy tajribalar: estetik qarashlar, tasviriy vositalar, tildagi obrazlilik, emotsionallik va uslubdagi rangbaranglik. O’tmish yozuvchilarining ijod tajribasida sinalgan, ustuvor va muqim g’oyaviy-badiiy boyliklarni yosh bo’g’in o’z davri talabiga ko’ra qayta ishlab, ijodiy rivojlantiradi. Adabiyot va san’atda an’ana tarixiy hodisa bo’lib, muayyan davr ijtimoiy-badiiy xususiyatlarini aks ettiradi. O’zbek adabiyoti eskirmagan, zamon sinovidan o’tgan, barhayot, ilg’or an’anaga suyanadi. Ilg’or Adabiy aloqa hamma vaqt novatorlikka chorlaydi. Binobarin an’ana va novatorlik orasida mantiqiy aloqa bor. Ularni bir-biridan ajratib, ham tasavvur qilib bo’lmaydi. Biz uchun an’ana hisoblanadigan ko’p g’oya va mayllar uz vaqtida yangilik sanalgan. Masalan, Nizomiy uchun qisman yangilik bo’lgan «Xamsa» yaratish Navoiy uchun an’ana edi. Shu bilan birga Navoiy «Xamsa»si o’tmishdoshlarining takrori, taqlidi emas. Unda zamonasining o’ziga xos g’oyaviy-estetik masalalari yoritilgan va «Xamsachilik an’anasi» yangi bosqichga ko’tarilgan. O’zbek mumtoz adabiyotida tazkirachilik an’anasi ham mavjud edi. Alisher Navoiy, Davlatshoh Samarqandiy, Fazliy kabi adiblar ayrim asarlarini Sharq tazkirachilik an’analariga qat’iy amal qilib yaratganlar. Zahiriddin Muhammad Bobo’rning «Boburnoma» va Abulg’oziy Bahodirxonning «Shajarai tarokima» kabi asarlari, Munis, Ogahiy, Bayoniy, Mirzaolim Mushriflarning tarixiy yilnomalari ham ma’lum adabiy-tarixiy an’analar asosida yaratilgan. O’zbek adabiyotida 20-asrda vujudga kelgan roman janrining rivojiga katta hissa qo’shgan Abdulla Qodiriy, Oybek, Abdulla Qahhor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, O’tkir Hoshimov, Omon Muxtorov va boshqa san’atkorlar jahon adabiyotidagi ilg’or an’analarga suyanganlar. Ortiqboy Abdullayev.