ADABIYOTSHUNOSLIK

ADABIYOTSHUNOSLIK — badiiy adabiyotni, uning mazmun-mohiyati, o’ziga xos xususiyatlari, paydo bo’lish va rivojlanish bosqichlari, ijtimoiy funktsiyasi, ijodiy jarayon qonuniyatlarini o’rganadigan fan. U bir-biri bilan uzviy bog’liq bo’lgan 3 bo’limni: adabiyot nazariyasi, adabiyot tarixi va adabiy tanqidni o’z ichiga oladi. Adabiyotshunoslikning ildizi maqol, qo’shiq, doston singari xalq og’zaki ijodi namunalari yuzasidan bildirilgan ilk mulohazalarga borib boglanadi. Masalan, Mahmud Koshg’ariyning «Devonu lug’otit turk» asaridan joy olgan matallarga, badiiy so’z unsurlariga ilmiy tekstologik munosabat, o’sha davr adabiy janrlari haqidagi fikrlar Adabiyotshunoslikning olis tarixidagi ko’rinishidir. Adabiyotshunoslik ilmiga oid teran qarashlar Forobiyning «She’r san’ati…»kitobida mufassal bayon qilingan (10 asr). Unda she’riy asarning yaralish tabiati, ijodkor shaxsi va mahorat muammolari, so’z qadri xususida fikr yuritiladi. 11-asrda yashagan adabiyotshunos olim Abdulqodir Jurjoniyning «Asror ul balog’a Fi-ilmi bayon» («Bayon ilmida balog’at sirlari») asarida so’z san’atidagi shakl va mazmun masalasiga alohida urg’u berilsa, 13-asrda yashagan qomusiy olim Kays Roziyning «Kitob ul mo’jam Fi-maoyiri ash’or il-Ajam» («Ajam she’riyati me’yorlari qomusi») kitobida nazariy masalalar — aruz tizimi, poyetik san’atlar, she’riy janrlar tahlil etilgan. Kaykovusning «Qobusnoma»sidan (11-asr) esa, she’r jamiyatning turli qatlamlari estetik talablaridan kelib chiqib yaratilishi, badiiy asar, albatta, ta’sirchan bo’lishi lozimligi haqidagi mulohazalar o’rin olgan. Adabiyot tarixi yo’nalishida muayyan xalq (xalqlar, mintaqa, jahon) badiiy adabiyotining tarixiy taraqqiyoti hamda yozuvchi-shoirlarning hayot va ijod yo’li chuqur o’rganiladi. Jumladan, o’zbek milliy adabiyoti bosib o’tgan uzoq tarixiy yo’l, zamon, siyosat va adabiy jarayon munosabatlarining o’ziga xosliklari, u yoxud bu ijodkorning ushbu jarayonga ko’rsatgan ta’siri yuzasidan ko’plab tadqiqotlar yaratilgan. Adabiyotshunoslik tarixida 12-asrda yashagan shoir va adabiyotshunos Nizomiy Aruziy ibn Umar Samarqandiy, 15-asrda adabiyotshunos olim Atoulloh Husayniy, Zamaxshariy, Xondamir, Vosifiy asarlari muhim ahamiyatga egadir. O’zbek Adabiyotshunoslikning takomili Navoiy ijodiy faoliyati bilan chambarchas bog’liq. O’zbek tilidagi tazkira janriga asos solgan «Majolis unnafois» («Go’zal majlislar») ilk o’zbek adabiy qomusi hisoblanadi. Ushbu asarda Navoiy deyarli yarim asr mobaynida o’ziga zamondosh bo’lgan 469 shoir, olim, bastakor, hattot, she’riyat homiylari haqida ma’lumot beradi, badiiy mahorat, san’atkorning ijtimoiy burchi, poyetik janr masalalarini yoritadi. Navoiyning «Holoti Pahlavon Muhammad», «Holoti Sayyid Hasan Ardasher», Jomiyga bag’ishlangan «Xamsat ulmutahayyirin» («Besh hayrat») singari asarlari adabiy portretning dastlabki namunalaridir. Uning «Mezon ul-avzon» («Vaznlar o’lchovi») asarlarida aruzning nazariy, amaliy masalalari tadqiq etilgan. Husayn Boyqaro esa, o’z navbatida, Navoiyning betakror mahorati, u yaratgan adabiy muhit, davr adabiy jarayoni haqida ma’lumot beruvchi risola yaratgan. Zahiriddin Muhammad Bobur «Muxtasar» kitobi bilan Navoiydan so’ng aruz ilmi tadqiqini yangi bosqichga ko’tardi. Bu kitobda aruzning 20 dan ortiq bahri, 530 dan ortiq vazni haqida ma’lumot beriladi. O’zbek adabiyotshunosligining keyingi davrlardagi yo’nalishini, asosan, tazkiralar belgilaydi. Jumladan, 19-asr boshlarida Fazliy rahbarligida she’riy shaklda yaratilgan «Majmuai shoiron» («Shoirlar guruhi») tazkirasi Qo’qon xoni saroyiga to’plangan ijodkorlar haqida nisbatan to’liq ma’lumot beradi. Ahmad Tabibiyning she’riy shakldagi «Majmuat ash-shuaroi Feruzshohiy» («Shoh Feruz shoirlari guruhi») hamda «Muhammasoti Majmuat ush-shuaroi Feruzshohiy» («Shoh Feruz shoirlari guruhining muxammaslari») tazkiralarida ijodkorlarning asarlari janrlarga bo’lib o’rganiladi (20-asr boshi). Birinchisida g’azallar, ikkinchisida muxammas va musaddaslar tahlil etiladi. Matbuot va noshirlik ishlarining rivoji 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida o’zbek tanqidchiligi, adabiyotshunosligi uchun yangi imkoniyatlarni vujudga keltirdi. Ayniqsa, adabiy tanqidda uyg’onish ro’y berdi — harakatdagi adabiy jarayonni, yozuvchi ijodini, adabiy muammolarni davrning ma’naviy va estetik talablari, ommaning ruhiy ehtiyojlaridan kelib chiqib o’rganish, adabiyot taraqqiyotidagi, ijodkor mahoratidagi yangiliklarni kashf etish, kamchiliklarni baholi qudrat ko’rsatish boshlandi. Hoji Muin, Mirmuhsin Shermuhamedov, Behbudiy, Abdulhamid Cho’lpon, Abdurauf Fitrat, Ashurali Zohiriy, Vadud Mahmudlarning maqolalarida so’z san’ati oldida turgan muhim ijtimoiy vazifalarga urg’u berildi, adabiyot rivojini millat, Vatan, istiqlol, mustaqil yurt uchun kurashuvchi yangi insonni tarbiyalash masalalari bilan bog’lashga harakat qilindi. Cho’lponning «Adabiyot nadur?» (1914) maqolasida o’rtaga tashlangan «Adabiyot yashasa — millat yashar» degan g’oya milliy uyg’onish uchun ham da’vat bo’ldi. 20-yillar o’rtalarigacha Adabiyotshunoslik, asosan, adabiy tanqid doirasida faoliyat ko’rsatdi. Shu paytlardan e’tiboran sho’ro hukumati uni o’z yo’rig’iga sola boshladi. Ijod mahsulini baholashda mafko’ra, o’tkinchi siyosat bosh mezonga aylandi. Adabiyot va Adabiyotshunoslikdan bir yoqlama (markscha) dunyoqarash bilan qurollanish, voqelik va uning badiiy in’ikosi bo’lmish san’atga faqat sinfiy kurash, sho’rolar mafkurasi nuqtai nazaridan turib yondashish talab qilindi. Bularga qo’shimcha, mumtoz adabiy merosdan voz kechish tamoyili hukm surdi. Yassaviy, Navoiy, Bobur, Mashrab, Hofiz, Rumiy, Huvaydo singari shoirlar yaratgan ma’naviy mulk o’quvchiga keraksiz, hatto, ziyonli deb e’lon qilindi. Abdurauf Fitrat, Otajon Hoshim kabi adabiyotshunoslar bunday qarashlarga qarshi chiqib, madaniy merosni himoya qilishga urindilar. Shu yillari, muayyan kamchiliklardan holi bo’lmasada, dastlabki nazariy qo’llanma — adabiyotshunos Abdurahmon Sa’diyning «Amaliy, ham nazariyada — biyot darslari» (1924) yaratildi. Fitratning «Adabiyot qoidalari» (1926) darsligida esa o’z davri Sharq va G’arb adabiyoti nazariyasi muammolari yoritildi. Shu muallifning «O’zbek adabiyoti namunalari» kitobida O’rxun-Yenisey bitiklari, «Alpomish», «Kitobi dadam Qo’rqut», «Devonu lug’otit turk»dan parchalar berildi, Yassaviy, Boqirg’oniy, Lutfiy, Atoiy, Navoiy, Bobur asarlaridan misollar keltirildi. 20-yillar oxiri — 30-yillar boshlarida sho’ro adabiy siyosatida partiyaviy tazyiq ostida sinfiy dushman axtarish ruhi kuchaydi, ijod erkinligi bo’g’ildi, vulgar sotsiologizm ko’rinishlari avj oldi. Abdulla Qodiriyning «O’tgan kunlar», «Mehrobdan chayon» romanlari zararli asar deb, muallifning o’zi esa burjua adibi deb qoralandi. 30-yillar o’rtasidan markaz Yozuvchilar uyushmasi qurultoyining qarori bilan rasmiy kuchga kirgan sotsialistik realizm metodi haqidagi aqidaning keng joriy etilishi oqibatida o’zbek Adabiyotshunoslikga partiyaviylik, sinfiylik, g’oyaviylik, shaklan milliy, mazmunan sotsialistik degan tushunchalar chuqur singib bordi. Mumtoz adabiyotga munosabatda uni saroy adabiyoti, diniy-klerikal adabiyot, reaktsion yoxud progressiv deya bir xalq adabiyotini ikkiga ajratib talqin etish, ijodkorlar va ularning merosini sinfiy qarshilantirish tamoyili urfga kirdi. O’ziga xos yondashuv va tahlilni talab etadigan Yassaviy, Boqirg’oniy, Boyqaro, Mashrab, Huvaydo, Amiriy, Feruz (Muhammad Rahimxon) kabi shoirlar merosi batamom qoralandi, ular ijodini o’rganish deyarli man qilindi. Sho’ro mafkurasining zug’umi, tanqid va Adabiyotshunoslikning jiddiy xatolari tufayli Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Fitrat, So’fizoda, Elbek, Botu, Usmon Nosir singari shoir va yozuvchilar, Otajon Hoshim, Vadud Mahmud kabi adabiyotshunoslar jisman yoxud ma’nan mahv etildilar. O’sha yillardagi nisbatan ijobiy faktlar sifatida So’fizoda, Oybek, G’afur G’ulom, Hamid Olimjon haqida adabiy portretlar yozilganini, izzat Sultonning «Adabiyot nazariyasi» darsligi va boshqa monografiyalar nashr etilganini qayd etish mumkin. Biroq 40-yillar oxiri — 50 yillar boshlarida Adabiyotshunoslik fani kosmopolitizmga qarshi kurash, yagona oqim, konfliktsizlik nazariyasi deb nomlangan xato yo’llarni bosib o’tishiga ham to’gri keddi. Ayni shu yillari Oybek, Maqsud Shayxzoda va boshqa mualliflarning tarixiy yo’nalishdagi, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Said Ahmad singari adiblarning zamonaviy mavzudagi asarlari, o’sha «nazariyalar» dan kelib chiqib, nohaq qoralandi. 50-yillar o’rtalaridan avval qatli om qilingan ayrim yozuvchi-shoirlar hayoti va ijodini qayta o’rganishga harakatlar bo’ldi. Matyoqub Ho’shjonov, Ozod Sharafiddinov, Ibrohim G’afurov, Umarali Normatov, Salohiddin Mamajonov, Sobir Mirvaliev singari adabiyotshunos olimlarning adabiy jarayon, alohida ijodkor va asar haqidagi kitob va maqolalari adabiyotning nisbatan erkin nafas olishiga zamin yaratdi. 60-70-yillarda o’zbek adabiyoti tarixi yuzasidan qator asarlar yaratildi. Jumladan, ilk adabiy yodgorliklardan tortib 20-asr boshlarigacha bo’lgan davrlar merosini qamrab oluvchi 5 jildli «O’zbek adabiyoti tarixi» kitobi nashr qilindi. Unda o’ta mafkuraviy talqin, adabiyot ilmidan chekinish, bir yoqlamalik qusurlari mavjud esada, ming yillik adabiyotimizning tarixiy taraqqiyoti, yetakchi tamoyillari, so’z san’atkorlarining hayoti va ijodi, asarlaridagi o’ziga xosliklar, mahorat belgilari to’g’risida zamona yutuqpari darajasida muxtasar ma’lumot berildi. Dunyodagi eng qadim madaniyat o’choqlaridan biri bo’lmish yurtimizda yaratilgan jamiki adabiy-estetik boyliklarga xolis nuqtai nazar bilan qarash va baho berish imkoniyati paydo bo’ldi. Natijada, adabiyotshunos olimlar so’z san’atimiz tarixida e’tiborga loyiq neki asar bo’lsa, barchasini chuqur o’rganishdek mas’uliyatli yumushga kirishdilar. «Avesto»dek teran va murakkab diniy-ma’rifiy yodgorlik, xalq og’zaki ijodining gultoji bo’lmish «Alpomish» dostoni va boshqa o’nlab epik asarlar atroflicha tadqiq etildi. Tasavvuf ta’limotining badiiy ijodga ko’rsatgan ta’siri xususida Najmiddin Komilov («Tasavvuf», 1— 2-kitoblar), Ibrohim Haqqulov («Tasavvuf va she’riyat») va boshqa mutaxassislarning kitoblari chop etildi. Navoiyning 20 jildli «Mukammal asarlar to’plami» nashr qilinishi barobarida, mutafakkir ijodini tamomila yangi mezonlar asosida o’rganish boshlandi va o’nlab risolalar yaratildi. 20-asr boshlarida yozilgan, ma’rifatparvarlik ruhi bilan sug’orilgan badiiyat namunalari tadqiq etildi, nohaq qurbon bo’lgan Abdulla Qodiriy (U. Normatov, «Qodiriy bog’i»; mualliflar jamoasi «Abdulla Qodiriyning badiiy olami»), Cho’lpon (O. Sharafiddinov, «Cho’lpon», «Cho’lponni anglash», D. Quronov, «Cho’lpon, hayoti va ijodiy merosi»), Fitrat, M. Behbudiy, A. Avloniy, Hamza, Usmon Nosir hayoti va ijodiga doir yirik asarlar dunyoga keldi. Adabiyotshunoslikning nazariy muammolarini o’z ichiga qamragan 3 jildli «Adabiy turlar va janrlar» kitobi, A. Hojiahmedovning «She’riy san’atlar va mumtoz qofiya», «O’zbek aruzi lug’ati» risolalari chop etildi. S. Mirvaliyev yaratgan «O’zbek adiblari» to’plami esa 20-asr o’zbek adabiyotining yirik vakillari hayoti va ijodi xususida eng zarur ma’lumotlarni beradi. Adabiyotshunoslik nafaqat o’zbek, balki jahon estetik ilmi yutuqlarini ham ijodiy o’zlashtirish, bu borada o’z so’zini aytish yo’lida izlanmoqda. Najmiddin Komilovning «Tafakkur karvonlari», Ibrohim G’afurovning «Dil erkinligi» singari kitoblari keyingi davr o’zbek Adabiyotshunoslikning jiddiy yutuqlari hisoblanadi. Bugungi kunda adabiyotshunosligimiz saflarini Shuhrat Rizayev, Dilmurod Quronov, Bahodir Karimov, Ulug’bek Abduvahob singari yosh, iste’dodli olimlar to’ldirmoqda. Baxtiyor Nazarov, Rahmon Ko’chqorov.