ADAPTER
ADAPTER (lotincha adapto — moslashtiraman) — 1) tovushni qayta eshittirishda — masalan, grammofon plastinkasi aylanganda Ninaning yoki torli cholg’u asboblari torlarining mexanik tebranishini tovush chastotasining elektr tebranishlariga aylantirib beruvchi qurilma. Grammofon Adapteri kallak va tonermadan iborat. Kallak elektromexanik o’zgartirgich hisoblanadi. Tonerma sterjen ko’rinishida bo’lib, uchiga kallak o’rnatiladi. Kallakning elektromagnit va pezoelektrik xillari bor. Elektromagnit Adapter keng tarqalgan. Nina plastinkada yurganda tebranadi va tebranishlar yakorga uzatiladi, yakor tebranganda esa qutb uchliklari bo’lgan doimiy magnit vujudga keltiradigan magnit oqimi o’zgaradi, Adapterda vujudga keladigan elektr tebranishlari kuchaytiriladi va tovush tebranishlariga aylanadi; Adapter elektr va akustik torli cholg’u asboblari, elektrogitara, gitara, o’zbek sozlari (tanbur, gijjak va boshqa) da ham qo’llaniladi; 2) fotografiyada — tuzilishida ko’zda tutilmagan boshqa bichimdagi va turdagi yorug’lik sezgir materiallarni qo’llashga imkon beradigan qo’shimcha kasseta. Plastinkali fotoapparatda 2 xil plyonkali Adapter bo’ladi.