ADRIANOPOL SULH SHARTNOMASI

ADRIANOPOL SULH SHARTNOMASI — 1828-29 yillardagi Rossiya-Turkiya urushini yakunlagan sulh shartnomasi. Adrianopol (hozirgi Edirne) shahrida imzolangan. 1827 yil 6 iyulda Rossiya, Angliya va Frantsiya davlatlari o’zaro til biriktirib, Turkiyadan Gresiyaga muxtoriyat berish masalasini qo’ydilar. Biroq Turkiya hukumati bu talabni rad etdi. Buning ustiga Dunay knyazliklarida Rossiyaning ustunligini tiklagan Akkerman konventsiyasi (1826) dan norozi bo’lgan Turkiya Rossiyani Usmonlilar imperiyasining ashaddiy dushmani deb e’lon qildi va barcha musulmonlarni ruslarga qarshi g’azovotga chaqirdi. Rossiya 1828 yil 14 aprelda Turkiyaga qarshi yurish boshladi. Rus qo’shinlari tez orada Konstantinopolga yaqinlashib qoldi. Bundan cho’chigan G’arb davlatlari Turkiyaga darhol sulh tuzishni va Rossiya shartlariga ko’nishni taklif qildi. Turkiya 1829 yil 2 (14) sentabrda Adrianopol sulh shartnomasini imzoladi. Adrianopol sulh shartnomasi natijasida qora dengizning Bosfor va Dardanel bo’g’ozlaridan rus va xorijiy davlatlarning savdo kemalari erkin o’tish huquqini oldi. Kavkaz yerlarining Rossiyaga uzil-kesil o’tganligi Adrianopol sulh shartnomasida qayd etildi.