ADVENTISTLAR
ADVENTISTLAR (lotincha adventus — voqe bo’lish) — xristian sektalaridan biri. 19-asrning birinchi yarmida AQShda vujudga kelgan. Sekta a’zolari «Isoning qaytib kelishi» yaqinligiga, Xudoning ming yillik va tanho hukmronligi boshlanishiga ishonadilar. Asoschisi Baptist U. Miller (1782 — 1849). «Muqaddas yozuvlar va 1843 yilda Isoning 2-marta voqe bo’lishi hamda 1000 yillik hukmronligi haqida tarixiy dalillar» kitobida Bibliya tarkibiga kirgan payg’ambarlar kitoblariga suyanib, Isoning 2-marta kelishiga doir o’zi belgilagan muddatni asoslashga uringan. Adventistlar harakati bir necha tarmoqlarga bo’linib ketgan. Eng yirigi — «Yettinchi kun adventistlari»dir. Adventistlar insoniyat tarixi Iso va shayton o’rtasidagi abadiy kurashdan iborat, bu kurash shaytonning halokati bilan tugaydi, xalos bo’lishning birdan-bir yo’li Adventistlar e’tiqodini qabul qilishdir, deb ishonadi. Adventistlar jonning o’lmasligini inkor etadi: jon tana bilan birga o’ladi va Isoning qaytib kelgan kuni yana tiriladi. Ular Xudo olamni yaratayotganda shanbada dam olgan, deydilar va shu sababli shanba kunini bayram qiladilar. Shuning uchun Rossiyada Adventistlar o’zlarini subbotniklar deb ataydilar. Bu sekta MDHda, jumladan, O’zbekistonning ayrim shaharlarida ham mavjud. Ularning ro’yxatga olingan 9 ta jamoasi bor (1998). Mavjud bo’lgan barcha cherkovlarga Toshkent shahrida joylashgan yettinchi kun xristian Adventistlarining O’rta Osiyo konferentsiyasi rahbarlik qiladi. Prezidenti Robert Geybel (1992 yildan).