ADVOKAT
ADVOKAT (lotincha advocatus, advocare — yordamga chaqirish) — yuridik yordam ko’rsatuvchi shaxs. Jinoyat ishlari bo’yicha surishtiruv, tergov harakatlari yuritilganda va sud majlisida, fuqaroviy ishlar sudda, xo’jalik nizolari xo’jalik sudlarida yoki ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risidagi ishlar sudya yoxud vakolatli organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan ko’rilganda ishtirok etadi, qonunda belgilangan vakolatga ega bo’ladi. O’zbekiston Respublikasi «Advokatura to’g’risida»gi Qonunida (1996 yil 27 dekabr) ko’rsatilishicha, oliy yuridik ma’lumotli va belgilangan tartibda advokatlik faoliyati bilan shug’ullanish huquqini beruvchi lisenziya olgan O’zbekiston Respublikasi fuqarosi O’zbekiston Respublikasida Advokat bo’lishi mumkin. O’zbekiston Respublikasi «Advokatlik faoliyatining kafolatlari va avdokatlarning ijtimoiy himoyasi to’g’risida»gi Qonunida (1998 yil 25 dekabr) Advokatlik faoliyati bilan shug’ullanish huquqi, faoliyatining asosiy printsiplari, Advokat qasamyodi, vakolatlari, mustaqilligini ta’minlash, daxlsizligi, O’zbekiston Respublikasilik faoliyatiga aralashishga yo’l qo’yilmasligi va uning himoyalanishini ta’minlash, Advokatning ijtimoiy himoyasi choralari va boshqalar belgilab berilgan. Advokat jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy yordam ko’rsatish maqsadida: huquqiy masalalar bo’yicha maslahatlar va tushuntirishlar, qonun hujjatlari yuzasidan og’zaki va yozma ma’lumotlar beradi; huquqqa oid arizalar, shikoyatlar va boshqa hujjatlarni tuzadi; fuqarolik ishlari hamda ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risidagi ishlar bo’yicha sudda, boshqa davlat organlarida, jismoniy va yuridik shaxslar oldida vakillikni amalga oshiradi; jinoiy ishlar bo’yicha surishtiruvda, dastlabki tergovda va sudda himoyachi; jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgarning vakili; agar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki jabrlanuvchining manfaatlari bilan qonuniy vakilning manfaatlari o’zaro mos kelmasa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki jabrlanuvchi tarafida ishtirok etish uchun qaror yoki ajrim bilan advokat sifatida qatnashadi (Qonunning 5-modda l-qismi va O’zbekiston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksi (JPK) 49-, 55-, 59-.60-, 62-moddalari). Advokat jinoyat ishi bo’yicha o’z vazifasini amalga oshirish munosabati bilan bilgan ma’lumotlarni oshkor qilishga haqli emas (O’zbekiston Respublikasi JPK 53-modda 3-qismi). Advokatura to’g’risidagi qonunda «Advokat himoyachilik yoki vakillik vazifasini bajarayotganda o’ziga ma’lum bo’lib qolgan tafsilotlar yuzasidan guvoh sifatida so’roq qilinishi mumkin emas»ligi qatiy belgilangan (10-modda 2-qism). Advokat tadbirkorlik faoliyatiga va xo’jalik nizolari to’g’risidagi ishlar bo’yicha yuridik xizmat, qonun hujjatlarida man etilmagan boshqa turdagi yuridik yordam ham ko’rsatishi mumkin. Advokat kasbiy faoliyatini amalga oshirish chog’ida quyidagi huquqlarga ega: tegishli masalalarni hal etishga vakolatli bo’lgan barcha organlar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning topshirig’iga muvofiq ularning manfaatlarini ifoda etish va huquqlarini himoya qilish; sudlarda, shuningdek ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risidagi ishlarni ko’rib chiqayotgan organlarda dalil sifatida foydalanishi mumkin bo’lgan faktlar to’g’risidagi ma’lumotlarni to’plash; yuridik yordam ko’rsatilishi munosabati bilan davlat organlaridan hamda jamoat birlashmalaridan zarur bo’lgan ma’lumotnomalar, tavsifnomalar va boshqa hujjatlarni so’rash va olish; unga vakolat bergan yoki uning himoyasida ish yuritayotgan sudga va boshqa davlat organlariga to’plangan materiallarni taqtsim etish; mansabdor shaxslarga iltimosnoma va shikoyat berish hamda ulardan yozma tarzda dalil-isbotli javob olish; qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni bajarish. Jinoiy ishni ko’rib chiqishda qatnashishga tayinlangan Advokat fuqaroning to’lovga qobiliyatsizligini vaj qilib, unga yuridik yordam ko’rsatishdan bosh tortishga haqli emas. Advokat davlat xizmatida turishi ham mumkin emas. Qonunning 9-moddasida u Advokatlik sirini saqlashi shartligi alohida ta’kidlangan. Advokat o’z kasbiy vazifalarini bajarayotganida unga biror-bir shaklda ta’sir o’tkazishga yo’l qo’yilmaydi, Advokatlik dalillari (ashyolari), hujjatlari undan olib qo’yilishi yoki ko’zdan kechirilishi, shuningdek, o’zi yuridik yordam ko’rsatayotgan shaxslar bilan uchrashish huquqi cheklanishi, uning ish yuzasidan huquqiy nazari xususida surishtiruv organi, tergovchi, prokuror taqdimnoma kiritishi, shuningdek, sud xususiy ajrim chiqarishi mumkin emas. Advokatlik faoliyati bilan shug’ullanuvchi shaxslar hamda xususiy Advokatlik amaliyoti bilan shug’ullanuvchi ayrim shaxslar mustaqil, ko’ngilli kasbiy birlashmalarini o’z ichiga olgan, advokatura nomi bilan ataluvchi huquq muassasasi orqali jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy yordam ko’rsatadi. «Advokatura to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonunida advokatning yordamchisi bo’lishi mumkinligi ko’rsatilgan.