AEROSURATGA OLISH
AEROSURATGA OLISH, aeros’yomka — Yer sirtining biror qismi tasvirini uchish apparatlari (samolyot, aerostat, havo shari, yer sun’iy yo’ldoshi, raketa va boshqalar) ga o’rnatilgan maxsus suratga olish va qayd qilish qurilmalari yordamida suratga olish va qayd qilish. Aerofotosuratga olish va fotoelektron xillarga bo’linadi. Aerofotosuratga olish eng keng tarqalgan bo’lib, undan xo’jalik hamda ilmiy maqsadlarda keng foydalaniladi. Bu usul odatdagi fotoapparatdan suratga olish jarayonining to’la avtomatlashtirilgani, kadrlarni katta bichimda olishi, ancha tez suratga olishi bilan farq qiladi. Fotoelektron Aerosuratga olish elektron apparatura yordamida ob’yekt chiqaradigan yoki qaytaradigan ko’rinmas elektromagnit nurlarni qayd qilishga; qabul qilingan no’rni elektron optik o’zgartirgich bilan ko’rinadigan tasvirga aylantirishga; ob’yektning ko’rinadigan tasvirini o’zgartirgich ekranda hosil qilishga va shu tasvirni ekrandan fotoplyonkaga suratga olishga asoslangan. Infraqizil va radiolokasion Aerosuratga olish katta ahamiyat kasb etadi. Aerosuratga olish topografik xaritalar tuzishda, geologik qidiruvlarda, qishloq xo’jaligi va o’rmon xo’jaligida, harbiy ishda, muhandislik-qidiruv ishlarida qo’llaniladi.